Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda Sirdaryo suv havzasi sho‘basi davlat inspektorlari tomonidan Chinoz tumani “Ahillik” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi bo‘yida tungi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir davomida tungi soat 03:00 atrofida Yangiyo‘l tumani “Niyozboshi” MFY, Zarg‘aldoq ko‘chasida yashovchi 32 yoshli fuqaro X.Sh. hamda shu hududda yashovchi 43 yoshli fuqaro B.Sh. noqonuniy baliq ovlayotgani aniqlangan.
Holat o‘rganilganida, huquqbuzarlar 7 bosh zog‘ora baliq, 4 bosh oq baliq va 1 bosh tovon baliq, jami 12 bosh baliq ovlagani maʼlum bo‘lgan.
Holat yuzasidan hayvonot dunyosiga 7 million 600 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlanib, huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy bayyonoma rasmiylashtirildi.
Hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudiga yuborilgan.
- Bundan oldin Jizzax viloyatida 541 ta baliq noqonuniy ovlanib, tabiatga 178 million 530 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangandi.
- Ushbu hududda aprel oyida o‘tkazilgan reyd davomida elektr qarmoqlardan foydalangan holda noqonuniy baliq ovlayotganlar ushlangan edi. O‘shanda fuqarolardan biri xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatib, noqonuniy ovlagan baliqlari va boshqa ashyoviy dalillarni yo‘q qilish maqsadida o‘zining Nexia-3 ni departament bo‘lim boshlig‘i ustiga haydab, uning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirish orqali tan jarohati yetkazgandi.
Izoh (0)