Namangan viloyatida Qoradaryo havzasida baliq ovlaganlarga jinoiy ish ochildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari hamkorligida Norin tuman Qoradaryo havzasida ekologik nazorat tadbirlari olib borildi.
Tadbir davomida asosiy e’tiborni noqonuniy ov, baliq ovlash kabi holatlarining oldini olish, qonun buzilishlarini aniqlashga qaratilib, daryo havzasidan tegishli ruxsatnoma olmasdan jami 321 dona, shundan 6 donasi Qizil kitobga kiritilgan Turkiston mo‘ylabdori baliqlarini elektr toki qurilmasi orqali noqonuniy ovlab, ularni nobud qilingani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qism (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ta’minlandi. Viloyat prokuraturasi tomonidan ekologik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)