Tomoshabinlarga “Baxt ovchisi” serialidagi Zulya Bositovna roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Barchin G‘ofurova “alfons” yigitga aldangani haqida so‘zlab berdi.
— Onam kasal, tezroq oila qurishim kerak, deb ko‘p o‘ylardim. Atrofimdagi insonlar ham bu haqda ko‘p aytishdi. Onam qiynalib katta qildi, to‘yimni ko‘rish armon bo‘lmasin, deb o‘ylab, oxiri nomzodlardan birining oila qurish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldim. Ammo u paytda uning oila qurib, ajrashganini ham bilmaganman. Avvaliga hammasi yaxshi edi. U bilan to‘y qilish, uyga mebel jihozlarini olish haqida ham o‘yladik. Avvaldan bozorga borsam boshim og‘riydi, ammo unga qarshi bormay, bozordan xarid qildim. Hatto o‘sha paytda uning xohishiga ko‘ra sanʼatdan ketishga ham tayyor edim. Shu kungacha onamdan pul olmayman, ammo topganimni unga topshirishga odatlanganman. Shunday bo‘ldiki, topganimni onamga emas, u yigitga topshirdim. Cobalt mashinasiga borib to‘lov ham qildik. Serialga tushaman, kechga yaqin “buncha gonorar berishdi”, deb unga topshiraman. Ammo sekin-asta uning asl feʼl-atvori ko‘zga ko‘rindi. Avvaliga jahl qildi, undan keyin so‘kadigan bo‘ldi. Xullas, men uning asl yuzini ko‘rish uchun Telegram akkauntini o‘zimga ulab olishga majbur bo‘ldim. Balki bu to‘g‘ri emasdir, ammo uning asliyatini bilish uchun shundan boshqa yo‘l yo‘q edi.
Undagi yozishmalar dahshat edi. Falonchi 50 AQSH dollari, pismadonchi 100 AQSH dollari deb yozilgan akkauntlar berilgan mablag‘larim qayerga ketayotganini ko‘rsatardi. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi, ammo bu hammasi emas edi.
Yashirmayman, onam uchinchi darajadagi saraton kasalligiga chalingan. Bir necha yildan buyon davolanadi. Bir kuni onamning kasallik varaqalarini so‘radi. Tanish shifokorga ko‘rsataman, deganidan quvonib, hammasini rasmga olib tashlagandim. Eng alam qilgani, u qog‘ozlarni ehson qiluvchi insonlarga tashlab, “Onam saratonning to‘rtinchi darajasi bo‘yicha davolanyapti. Bizga 3 000 AQSH dollari kerak”, deb yozgan ekan. Shuncha payt gaplashib yurgan bo‘lsak, biror marta “Mana buni onangga ishlat”, deb pul bermagan. Ammo uning qog‘ozlarini kimlargadir ko‘rsatib, yordam olgan.
O‘sha paytda syomkalardan tashqari, onlayn do‘konda model bo‘lib ishlardim. Bir oylik ishim uchun 300 AQSH dollari olardim. Ammo qiynalsam ham, onamni davolatish uchun birovdan yordam kutgan inson emasdim. U bo‘lsa odamlarni aldab, pul tilanib yurganini ko‘rganimdan keyin nafratim qo‘zidi. Orani ochiq qilib, yana bir bor erkaklarga bo‘lgan ishonchim so‘ndi.
Oradan ancha vaqt o‘tib, yonilg‘i quyish shoxobchasida uni ko‘rib qoldim. U meni ko‘rishi bilan o‘rindiqning pastiga kirib ketgudek bo‘ldi, — deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.
Izoh (0)