Yevropa Markaziy banki Yevropa Ittifoqi fuqarolarini 31-avgustga qadar yangi yevro banknotlari uchun dizayn tanlashga taklif qilmoqda.
YMB prezidenti Kristin Lagardning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklarning umumiy valyutasi va mintaqaning o‘ziga xosligi o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik mavjud, yangi banknota esa o‘z ko‘rinishida buni namoyon etishi kerak. Lagard yevropaliklar yevro banknotlari dizayni bilan tanishib chiqishini istamoqda, shunda fuqarolarning o‘zlari yangi dizaynni tanlashda faol rol o‘ynaydi.
Umuman olganda, qisqa ro‘yxatda naqd pul dizayni uchun yettita ehtimoliy tasvir mavjud — daryolar va qushlardan madaniyat va qadriyatlar ramzigacha. Ularni qalbakilashtirish qiyinroq bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, banknotalarni ekologik jihatdan qulayroq qilishga va’da berilgan.
Amaldagi yevro banknotalarida oddiy darvozalar va ko‘priklar tasvirlangan, ularda o‘ziga xos milliy ramzlar va diqqatga sazovor belgilar mavjud emas.
YMB avgust oyi oxirigacha Yevropa Ittifoqi aholisi orasida maxsus so‘rov o‘tkazadi. Dizayndagi o‘zgarishlar va yangi banknotalarni ishlab chiqarish muddati bo‘yicha yakuniy qaror 2026-yilda qabul qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)