Amerika prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden Kaliforniyada ijaraga olgan uyini qarovsiz holga tashlab qo‘ygani hamda uy egasidan 80 ming dollarga yaqin qarzdor ekani ma’lum bo‘ldi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, Xanter Bayden uyni egasiga dahshatli holatda qoldirgan.
Ijara narxi oyiga taxminan 20 ming dollarni tashkil etgan. Baydenning o‘g‘li ikki oylik ijara haqini to‘lagan, xolos.
The Daily Mail manbasining ta’kidlashicha, Xanter va uning rafiqasi Melis “yomon ijarachi” sifatida nom chiqarishdi. Ular nafaqat 80 ming dollar qarzni to‘lashmayapti, balki stereo uskunani buzib qo‘yib, ta’mirlashdan bosh tortishmoqda.
Jurnalistlarga ko‘ra, uch qavatli uy restoranlar tarmog‘i bosh direktori va asoschisi Jonatan Nemanga tegishli bo‘lgan. Kichik Bayden ko‘chib ketganidan so‘ng, tadbirkor uyni ta’mirlash uchun ishchi yollashga majbur bo‘ldi. Keyin uyni qariyb to‘rt million dollarga sotdi.
Iyul oyi boshida Xanter Baydenning shaxsiy fotosuratlari AQSHda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Suratlarda prezidentning o‘g‘li mashina boshqarayotganda, shuningdek, Las-Vegasga katta tezlikda mashina haydab ketayotganda giyohvand moddalarni iste’mol qilayotgani aks etgandi.
Izoh (0)