Toshkentda 5-may kunidan boshlab, 5, 11, 18, 19, 37, 44, 67, 77, 83, 136, 139, 142, 72 va 81-sonli poytaxt bo‘ylab harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish yangi turdagi brutto-shartnoma asosida tashkil etilmoqda. Bu haqda poytaxt transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi maʼlum qildi.
![](/static/2023/04/Fozilbek/photo_2021-10-29_12-11-15.jpg)
Qayd etilishicha, mazkur shartnomalar O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirilgan.
Brutto-shartnomalar — bu yo‘lovchi tashishni tashkil etish modeli bo‘lib, unda barcha tushumlar shahar budjetining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi va shahar maʼmuriyati yo‘lovchi tashuvchiga yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lovlarni bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib, sifat nazorati ostida o‘tkazib beradi.
Qulay tariflar
Mazkur qaror bilan jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish belgilangan. Gap bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qo‘llanilishi haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qat’i nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etilishi kutilmoqda. Yo‘nalishlarda yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanadi.
Transport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, qulay tariflar may oxiridan ishga tushiriladi. Jamoat transport vositalarida qatnash uchun yo‘lkiraning bir martalik narxi 2000 so‘m, bank va transport kartalari, mobil ilovalar orqali to‘lov qiluvchi yo‘lovchilar uchun esa 1600 so‘mga o‘zgaradi.
Bir soat davomida ikki avtobusdan foydalanilsa, birinchisidan 1600 so‘m, ikkinchisidan esa 400 so‘m yechib olinadi. Metrodan avtobusga yoki avtobusdan metroga o‘tilganida birinchisidan 1600 so‘m, keyingisidan 1000 so‘m to‘lov olinadi.
“Avtobus—metro—avtobus—avtobus” yoki “metro—avtobus—avtobus—avtobus” bo‘yicha harakatlanilganida to‘lov quyidagicha bo‘ladi: 1600 + 1000 + 400 + 0 so‘m, “avtobus—avtobus—metro—avtobus” — 1600 + 400 + 1000 + 0 so‘m.
Metrodan boshqa turdagi transport vositasiga o‘tilsa va bir soat ichida yana metroga qaytilsa, to‘liq tarif — 1600 so‘m to‘lanadi.
Izoh (0)