Shaxmat bo‘yicha Jahon chempioni, norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen Saudiya Arabistonining Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Esports World Cup kibersport turnirida g‘alaba qozondi.

Final bahsida 34 yoshli Karlsen (Team Liquid) fransiyalik Alireza Firuzjani (Team Falcons) ikki setda ham 3:1, 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda amerikalik Hikaru Nakamura (Team Falcons) hindistonlik Arjun Erigayisini (Gen.G Esports) 5:3, 5:2 hisoblarida yengib, bronza medaliga ega chiqdi.
Turnirda o‘zbekistonlik ikki nafar shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov (Navi) hamda Javohir Sindorov (Team Vitality) ham qatnashgan edi. Javohir musobaqani guruh bosqichida yakunlagan bo‘lsa, Abdusattorov chorak finalda imkoniyatni boy berdi.
Turnir g‘olibi Magnus Karlsen 250 ming dollar pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan Firuzja 190 ming dollar, uchinchi bo‘lgan Nakamura esa 145 ming dollar ishlab oldi. To‘rtinchi o‘rin sohibi Erigaysi esa 115 ming dollar bilan taqdirlandi.
Nodirbek Abdusattorov 5—8-o‘rinlarn egalladi va 85 ming AQSH dollari mukofotiga ega chiqdi. Ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan Javohir Sindorov esa 50 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, Esports World Cup doirasida shaxmat ham kibersport turi sifatida tan olingan. Shu bois musobaqa ishtirokchilari bir zalda, kompyuterlar orqali o‘zaro bellashishdi.
Izoh (0)