Statistika agentligi O‘zbekiston viloyatlari markaziy hududlari kesimida 2023-yilning aprel oyida tayyor palovning o‘rtacha narxlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, eng qimmat palov Toshkent shahrida sotilgan bo‘lib, bir portsiyasi 27 900 so‘m bo‘lgan. Eng arzon osh esa Farg‘ona viloyatida — bir portsiyasi 19 000 so‘mdan sotilgan. Ushbu viloyatda mart oyida ham palov boshqa hududlarga nisbatan eng arzon narxda sotilgandi.
Qolgan hududlardagi osh markazlarida sotilayotgan bir portsiya palovning o‘rtacha narxlari quyidagicha bo‘lgan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 20 400 so‘m;
- Andijon viloyati — 22 400 so‘m;
- Buxoro viloyati — 23 000 so‘m;
- Jizzax viloyati — 22 400 so‘m;
- Qashqadaryo viloyati — 23 800 so‘m;
- Navoiy viloyati — 20 400 so‘m;
- Namangan viloyati — 19 800 so‘m;
- Samarqand viloyati — 24 000 so‘m;
- Surxondaryo viloyati — 23 400 so‘m;
- Sirdaryo viloyati — 22 800 so‘m;
- Toshkent viloyati — 21 500 so‘m;
- Xorazm viloyati — 22 400 so‘m.
Agentlik ma’lumotida keltirilishicha, narxlarni ro‘yxatga oluvchi tomonidan kuzatuv o‘tkazilgan kun va vaqtdagi narx-navo qayd etilib, bunda vaqt va joyiga qarab narxlar o‘zgarib turadi. Mazkur ma’lumotlarning shakllanish jarayonida faqatgina tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalari (osh markazlari)dagi palovning o‘rtacha narxlari hisobga olingan.
O‘zbekistonda eng ommaviy taom — osh narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantiruvchi “Palov indeksi” 2020-yilning yanvaridan joriy etilgan. Ushbu ma’lumotlarni shakllantirishda respublikaning barcha hududlarida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori o‘rganib chiqiladi. Shunga ko‘ra, umumiy ovqatlanish muassasalarida bir portsiya palovning o‘rtacha narxi belgilanadi.
Izoh (0)