Yo‘l harakati xavfsizligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekiston shaharlarida avtomobillar tezligi yana soatiga 70 kilometrga qaytarilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ta’kidlanishicha, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi farmoniga ko‘ra, 1-apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyat va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 3-apreldagi 140-son qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritilgan.
“Ushbu qoida hozir amalda. Ijtimoiy tarmoq vakillaridan turli taxmin va mish-mishlardan iborat asoslantirilmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, — deyiladi munosabatda.
2022-yilning oktabrida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 71-sessiyasida poytaxtning Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Doimiy komissiya va IIBB YHXB tomonidan Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash maqsadga muvofiq deb topgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlariga ko‘ra, shaharlarda eng yuqori tezlikni soatiga 10 kmga kamaytirish o‘lim darajasini yiliga 0,8 kishiga (har 100 000 kishiga) kamaytirishda yordam beradi. O‘zbekiston uchun bu 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish deganidir.
Izoh (0)