Samarqand tumanida fuqaroning 6 bosh qo‘yi bo‘g‘izlanib, egasiga tahdidomuz xat qoldirildi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Xabarga ko‘ra, 23-aprel kuni tuman IIBga “Badal” MFYda yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan B.F. ariza bilan murojaat qilgan. Unda 22-aprel kuniga o‘tar kechasi tumanning “Badal” mahallasi hududida joylashgan o‘ziga tegishli dehqon xo‘jaligi yer maydonidagi qo‘yxonasiga nomaʼlum shaxslar g‘ayriqonuniy ravishda kirib, qo‘yxonadagi 12 bosh qo‘ydan 6 donasini so‘yib, 3 donasini yashirin ravishda talon-toroj qilganini bildirgan. Shuningdek, unga tahdid sifatida xat ham qoldirilganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan 23-aprelda Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.
Hozirda aybdor shaxslarni aniqlash yuzasidan IIB tezkor xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Tadbirlar viloyat IIB nazoratiga olingan.
Izoh (0)