Termiz hayvonot bog‘ida 12-aprel kuni ikkita noyob hayvondan nasl olindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Termiz hayvonot bog‘ida parvarish qilib kelinayotgan Afrika yoldor qo‘yi 9-aprel kuni bolaladi. Asli kelib chiqishi shimoli-sharqiy Afrika bo‘lgan yoldor qo‘y juft tuyoqlilar turkumiga mansub bo‘lib, homiladorlik davri 150-160 kunni tashkil etadi va 1-2 tagacha bolalaydi. Umr ko‘rish davomiyligi 12-17 yilni tashkil etadi.
Taʼkidlanishicha, ushbu yoldor qo‘ylar oila bo‘lib yashaydi. O‘t-o‘lanlar, o‘simliklar bilan oziqlanadi.
Shuningdek, yana bir noyob hayvon, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yi ham bolalagan. Ushbu noyob tur hisoblangan Buxoro qo‘yi O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston dashtlarida uchraydi, o‘txo‘r hayvon hisoblanadi. Homiladorlik davri 165 kunni, umr ko‘rish davomiyligi 12-15 yil yashaydi.
Qayd etilishicha, ushbu hayvonlar tutqunlikda ko‘payishi qiyin bo‘lgan jonivorlar turiga kiradi.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqda paydo bo‘lgan Qizil kitobga kiritilgan ayiq otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik uning otib o‘ldirilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)