Kuvaytda sun’iy intellektga asoslangan virtual yangiliklar teleboshlovchisi yaratildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Virtual boshlovchiga Fedha ismi berilgan, u Kuwait News telekanalida faoliyat olib boradi. Ayolning sochi sariq bo‘lib, videoda qora kostyum va oq koftada ko‘rinish bergan. U o‘zini “Kuvaytning birinchi virtual yangiliklar boshlovchisi” deb tanishtiradi va maqsadi “tomoshabinlarni xolis va ishonchli ma’lumot bilan ta’minlash” ekanini aytadi. Shuningdek, u “professional va mustaqil” bo‘lishga va’da beradi va tomoshabinlarni yangiliklarni kuzatishga undaydi.
Fedhaning paydo bo‘lishiga munosabat
Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari texnologik yutuqdan hayratda ekanini bildirib, grafik va animatsiya sifatini yuqori baholadi. Biroq boshqalar virtual boshlovchining tashqi ko‘rinishi va ismini tanqid qilib, u Quvayt madaniyati va an’analariga mos kelmaydi deb hisoblagan.
Shuningdek, bunday texnologiyalar axborotni manipulyatsiya qilish va soxta xabarlarni tarqatish uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotir bildirilgan.
Kuvayt virtual yangiliklar boshlovchilari bilan tajriba o‘tkazgan birinchi davlat emas. 2018-yilda Xitoy ikkita shunday boshlovchini taqdim etgan — biri xitoy tilida, ikkinchisi ingliz tilida. Ular haqiqiy jurnalistlar asosida yaratilgan, jumladan, ularning yuz ifodalari va intonatsiyasiga taqlid qilingan.
Izoh (0)