Moskvadagi Zelenodolskaya ko‘chasidagi restoran yonida o‘zbekistonlik migrantlar ishtirokida mushtlashuv yuz berdi. Bu haqda BAZA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida bir kishi pichoqlangan, hodisaga ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi qalbaki hujjat sabab bo‘lgan. O‘zbekistonlik uch erkak notanish odamlarga Rossiyada ro‘yxatdan o‘tish uchun pul to‘lagan. Biroq ro‘yxatga olish qalbaki bo‘lib chiqqan. O‘zbekiston fuqarolari notanish odamlardan pulni qaytarib olish uchun restoranga kelgan. Tomonlar o‘rtasidagi og‘zaki tortishuv ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgan.
O‘zbekiston fuqarolaridan biri qornidan pichoq jarohati olgan va restorandagi hojatxonada jarohatlangan holda topilgan. Uni u yerdan shifokorlar olib ketgan. Mushtlashuv oqibatida politsiyaga 15 kishi — O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston fuqarolari, shuningdek, Chechenistondan besh nafar, Dog‘istondan uch nafar va Kabardin-Balkariyadan bir kishi olib kelingan. O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyaga kirish qoidalarini buzganligi uchun protokol tuzilgan.
Izoh (0)