Kongo bosh harbiy auditori 22-avgust kuni harbiy sudga qotillik, zo‘rlash va qiynoqlar kabi harbiy jinoyatlar uchun sirtdan sudlanayotgan sobiq prezident Jozef Kabilaning o‘lim jazosiga hukm qilinishini talab qilayotganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kabila 2018-yilda iste’foga chiqishdan oldin deyarli yigirma yil Kongo Respublikasini boshqargan. 2023-yil oxiridan beri u xorijda, asosan, Janubiy Afrikada istiqomat qilmoqda. Oxirgi marta uni Kongoning beqaror sharqidagi qo‘zg‘olonchilar nazorati ostidagi hududda omma oldida ko‘rishgan.
U Kongoda insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan, tinch aholini ommaviy qirg‘in qilishda ishtirok etgani uchun qidirilmoqda.
Armiya bosh auditori general Likuliya Lyusen Rene Oliy sudga qotillik, zo‘rlash, deportatsiya va qiynoqlar, shuningdek, boshqa jinoyatlar uchun o‘lim jazosi berilishini so‘rayotganini bildirgan.
Aprel oyida Kabila urush bo‘layotgan sharqda tinchlik o‘rnatishga yordam berish uchun Kongoga qaytishini e’lon qildi. O‘sha oyda Kongo hukumati darhol uning siyosiy partiyasini taqiqladi va aktivlarini musodara qildi.
May oyida Kongo Senati Kabilani sud ta’qibidan mahrum qilish uchun ovoz berdi. Oy oxirida esa Kabila qo‘zg‘olonchilar nazorati ostidagi mamlakat sharqida paydo bo‘ldi va u yerda diniy rahbarlar bilan uchrashgan.
Izoh (0)