Jizzax shahrida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexi 330 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, “Shodlik” MFY Qo‘rg‘ontepa ko‘chasida “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali xodimlari tomonidan olib borilgan nazorat ishlari natijasida gaz taʼminoti tizimiga noqonuniy ulangan ohak ishlab chiqarish sexi aniqlandi.
Hovlida noqonuniy ravishda ulangan 4 ta nostandart gaz yondirgichlari hamda rezina shlanglaridan foydalanib, taxminan 2 tonnalik yer usti xumdonida ohak pishirib kelinayotgani maʼlum bo‘ldi. O‘rnatilgan tartibda mutasaddi vakillar tomonidan holat yuzasidan dalolatnoma tuzildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra fuqaro 330,7 million so‘mlik tabiiy gaz isteʼmol qilgani aniqlandi. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
Izoh (0)