O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini bugun dunyoning turli burchaklarida uchratish mumkin. AQSHdan Janubiy Koreyagacha, Rossiyadan Yamangacha. Ularning kasbiy malakalari, salohiyatlari turlicha. Ayrimlari butunlay ko‘chib ketgan bo‘lsa, ko‘pchiligi vaqtinchalik ish bilan band.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 2 milliondan 5 milliongacha o‘zbekistonlik xorijda mehnat qiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil oktabr oyida bergan ma’lumotlariga ko‘ra, xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 2 milliondan ortiq.
Biz dunyoning turli davlatlarida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ularning faoliyati, xorijdagi hayoti, yashash va ishlash joylaridagi sharoitlar haqida suhbatlashdik. E’tiborli jihati shundaki, suhbatdoshlarimizning barchasi oliy ma’lumotli kadrlar. Ular turli sabablar bilan xorijga ketishgan. Yaxshisi, barchasini o‘zlaridan eshitsak.
O‘zbekistondan tashqariga ishlash uchun ketish fikri qanday paydo bo‘ldi? Sizni nima majbur qildi?
Behzod Shukurov, Buxoro viloyatidan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Hozirda Rossiyada mehnat qiladi.
“To‘g‘risini aytsam, bunday fikrga kelishimga O‘zbekistonda maosh kamligi sabab bo‘lgan. Buni yashirishning hojati yo‘q, hech kim majburlamagan meni. Rossiyaga 2021-yilda ishlashga kelganman. Undan oldin o‘qituvchi bo‘lib ishlar edim, dars berar edim. Maosh 1,5 million so‘m atrofida edi. Maoshim oilaviy xarajatlarga yetmasdi. Ortiqcha daromad orttirish uchun kelganman”.
Boburjon Tohirov, Jizzax viloyatidan. Hozirda Italiyaning Genuya shahrida faoliyat yuritadi. Mutaxassisligi – muhandis-mexanik.
“O‘zbekistondan tashqariga aynan ish izlab ketmaganman, 2017-yilda o‘qishimni magistraturada davom ettirish uchun Italiyaning Turin shahriga kelganman. Ungacha Jizzax akkumulyator zavodida ishlardim. 2 yillik ish faoliyatimdan keyin o‘qishimni chet elda davom ettirish fikri uyg‘ondi va magistraturaga hujjat topshirishga qaror qildim”.
Shirin Abdurazzoqova, Andijon viloyatidan. AQSHda faoliyat yuritadi. Mutaxassisligi - iqtisodchi. Andijon davlat universitetini tamomlagan.
“O‘zbekistondan ishlash uchun ketish fikri bo‘lmagan boshida. Universitetda o‘qigan paytim, chet elda o‘qib qaytaman, shu yerda hamma narsaga erishaman deb o‘ylardim. Bitirgach esa 1 yil ish topolmaganman. Keyin magistraturaga kelganman AQSHga. Boshida qaytib ketaman bitirib deb yurardim. Bora-bora ikki davlat orasidagi farqni ko‘rib, qolishga qaror qilganman”.
Umid Millabuvayev, Farg‘ona viloyatidan. Hozirda Germaniyada faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tugatgan.
“O‘zbekistondan ishlash uchun chet elga ketish fikri Farg‘ona davlat universitetida ishlab yurgan paytlarim kelib qoldi. Bunga sabab bilimlarni oshirish, qo‘shimcha til o‘ganish. Ikkinchi sabab, vaziyat shu darajada bo‘ldiki, olgan maoshim oilamning kamchiliklari uchun ketadi. Ijara haqi, oziq-ovqat, to‘lovlar kabi xarajatlardan uy-joy olishga pul orttirolmadim bir yil davomida. Onam ham bir muddat biz bilan yashadi. Oilada katta farzand bo‘lganim uchun uydan ijaraga chiqib ketganman. Farg‘ona davlat universitetida fransuz tilidan dars o‘tib yurardim.
Shu vaqtlarda ish joyimizga nemislar keldi. Nemis tilini biladigan ustoz va talabalar bilan uchrashuv qilish uchun. Men ham nemis tilini biladiganlar bilan birga suhbatga bordim. Nemis tilini bilmaganim uchun suhbatdan o‘tishim amri mahol edi. Chunki nemis tilini bilmasdim. Fransuz va ingliz tillarini bilardim. Lekin suhbatdan o‘tdim. Shunday qilib, Germaniyaga kelib ishlashimning sababi ikkita narsa: uy-joy olish va shaxsiy rivojlanish. Shaxsiy rivojlanishni O‘zbekistonda ham davom ettirish mumkin edi. Lekin hammasi borib moddiy ahvolga taqaladi. Oladigan ish haqim o‘zimdan, oilamdan ortmasdi. Hech qanaqa maqola va kitob sotib olishga yetmasdi”.
Mehnatga haq to‘lash tizimiga kelsak, xuddi shunday ish uchun siz ishlayotgan joy va O‘zbekiston o‘rtasidagi farq qay darajada?
Behzod Shukurov:
“Maoshlarni solishtiradigan bo‘lsak, bu yerda xuddi shu ish uchun 2,5 ming rubl (taxminan 350-400 ming so‘m) kunlik ish haqi bo‘lsa, O‘zbekistonda uzog‘i bilan 200 ming so‘mgacha to‘lashi mumkin. Bu yerdagidek maosh to‘lanmaydi. Chunki o‘zimizda ishchi kuchi arzon, ishsizlik yuqori. Bu yerda bunday og‘ir mehnatda asosan migrantlar ishlashga rozi bo‘ladi. Mahalliy aholi bunday qora mehnatda ishlashni xohlamaydi. Ikki yildan buyon shu sohada ishlayotgan bo‘lsam, faqatgina rahbarlar mahalliy bo‘lishi mumkin”.
Boburjon Tohirov:
“O‘zbekistonda ham so‘nggi yillardagi sifatli kadrlarga talab mehnat bozorida yaxshi o‘zgarishlarga olib keldi, ba’zi ish qidiruv saytlarini o‘rganib chiqqan holda aytishim mumkinki, hozir olayotgan oyligimga yaqin oylikni Toshkentda ham topa olishim mumkin. Lekin viloyatlardagi oylik maoshlar haqida bunday deya olmayman”.
Shirin Abdurazzoqova:
“Mehnatga haq to‘lashda farq juda katta. Lekin chiqimlar farqiyam katta, shuni ham hisobga olish kerak. Hozirgi ishimga kelguncha juda ko‘p ishlarda ishlaganman. Farroshdan tortib, magazin kassasigacha. Lekin hammasida mehnatingizga yaxshi haq to‘lanadi. Hozirgi ishim yuk tashish kompaniyasida xavfsizlik bo‘limida. Bu ishga oddiy bir odamning tavsiyasi bilan suhbat orqali kirganman. Pul, tanish-bilishchilik yo‘q. Kompaniya egalari ingliz tilini biladigan xodim qidirishgan va men kelganman. Aynan shu bo‘limda yordamchilarim bor edi Toshkentda. Mendan 5-6 barobar oz to‘lanardi ularga. Men hozir shu sohada uydan ishlayman. Eski katta kompaniyadan ketganim sababi yaqinda farzandli bo‘ldim”.
Umid Millabuvayev:
“Men Germaniyaning Bade-Vurtenberg degan viloyatiga keldim. Bu yerda Rust degan kichik shaharchada , Europa park’da ishlashni boshladim. Parkning nomi shunday. Shu parkda ishlashni boshladim. Asosan servis sohasida, ya’ni mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sohasida. Bunda soatiga qarab haq to‘lanadi. Bir soatiga 14 yevrodan to‘lanadi. Bir ish kunimiz 8 soat 25 minutni tashkil qiladi. Umumiy oylik miqdori 2550 yevroni tashkil qiladi. Lekin bundan tashqari, yakshanba kunlari, bayram kunlari, kechki vaqt ishlaganimiz uchun qo‘shimcha maosh olaman.
O‘zbekistonda ishlaganimda ham yomon oylik olmasdim. Yaxshi oylik olardim. Lekin bu yerdagi sarf-xarajatlar bilan O‘zbekistondagi sarf-xarajatlarni taqqoslab bo‘lmaydi. Sababi, bu yerda bir haftalik oylik maoshga bir oy yashasa bo‘ladi. Joy muammosi bu yerda ham bor. Lekin bizga park tomonidan arzonlashtirilgan uylar bor. Shu yerda turamiz. Bu bizga juda qulay. O‘zbekistondagi ishimni juda yaxshi ko‘raman. O‘qituvchiman, talabalarimni juda yaxshi ko‘raman. Ammo men uy–joy, mashina sotib olishim uchun, ilmiy ishimni davom ettirishim uchun yetarli mablag‘ topolmadim. Shuning uchun shu yerga kelib ishlayapman”.
Ish topishda muammolar bo‘lmaganmi? Hozirgi ishingizni qanday topgansiz? Tanishlar orqalimi yoki rasmiy biror kanal orqalimi? Umuman, o‘zbekistonliklar uchun ushbu davlatda ish topish qanchalik oson yoki qiyin?
Behzod Shukurov:
“Birinchi marta kelganimda, ish topish bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Hozirgi ish joyimni qarindoshlar, tanishlar taklif qilgan. O‘zbekistondan Rossiyaga yoki boshqa shaharlarga fuqarolar birinchi marta keladigan bo‘lsa, rus tilini bilishi, hujjatlari to‘liq bo‘lishidan qat’i nazar, ish topishda muammolar bo‘ladi. Chunki yaxshi haq to‘lanadigan joylarga Rossiya ish beruvchilari chet el fuqarolarini ishga olmaydi.
Tojik, o‘zbek, qirg‘iz bo‘lishidan qat’i nazar, kam ish haqi to‘lanadigan joyga siz rozi bo‘lmaysiz. Kunlik 1500-1800 rublga ish bor. Lekin unday maoshga siz rozi bo‘lmaysiz. Chunki hujjat muammosi, uy–joy, ovqatlanish. Daromad kam bo‘lsa, bunaqa ishda ishlashni xohlamaysiz. Shaxsan men bilan ish topish muammolari bo‘lgan. Lekin qarindoshlar yordami bilan ish topganman”.
Boburjon Tohirov:
“Ko‘ngildagi ishni topish nafaqat Italiyada, balki butun Yevropada mashaqqat! Bitiruvchilar sonining ko‘pligi, kadrlarga talabning juda baland qo‘yilishiga olib kelgan. O‘qishni bitirishimga oz qolganda ish qidirishni boshlaganman. Asosiy platforma LinkedIn hamda universitetning ish portali(ish beruvchilar universitet veb-saytida ish joylarini qo‘yishlari mumkin) bo‘lgan. Hozirgi ishimga joylashguncha 400 dan ortiq ishxonaga rezyume jo‘natganman va 10 dan ortiq tashkilot bilan intervyularda qatnashganman. Italiyada nafaqat o‘zbekistonliklar, balki boshqa chet elliklar uchun ham ish topishdagi eng katta muammo - italyan tili. Ish beruvchilarning 95 foizi italyan tilini biluvchi kadrlarni afzal ko‘radi”.
Shirin Abdurazzoqova:
“Ish topish muammo emas. Til bilsangiz, undanam yaxshi. Lekin bizda ko‘p vatandoshlar til bilishmaydi va asosan eng kam ish haqi to‘lanadigan ishlarda ishlaydi. Ammo bizneslar ochib, o‘qib, muvaffaqiyatga erishganlariyam ko‘p”.
Umid Millabuvayev:
“Ish topish masalasiga keladigan bo‘lsak, boshida aytganimdek, nemislarning o‘zlari borgan O‘zbekistonga suhbat qilish uchun. Bu haqdagi xabarni ishlab turgan joyimdagi nemis tili o‘qituvchilari orqali topganman. Bu yerda butun dunyodan kelgan mehnat muhojirlariga sharoitlar yaxshi. Har tomonlama ularning huquqlari himoyalangan. Masalan, kuni kecha bir hodisa sabab bir hafta ish haqidan uzilmagan holda davolanishga ruxsat berishdi. Shifoxonaga olib borib, olib kelgan transport xarajatini ham to‘lamadim. Bunga sabab qilib bir narsani aytish mumkin.
Biz olayotgan oylikdan olib qolinadigan soliqlar shu xarajatlarni qoplashga ham ajratiladi, ya’ni soliq sug‘urtasiga. Hozirda bu yerda ko‘plab markaziy osiyolik, rossiyalik muhojirlar yashaydi. Bir paytlar bizda yashagan nemislar ham bor hattoki.
Siz oliy ma’lumotlisiz, oliy ma’lumot diplomi bilan O‘zbekistonning o‘zida karyera qilish niyati bo‘lmaganmi? Masalan, Vatan sog‘inchi, ota-ona, qarindoshlarni eslab, "bo‘ldi, ketaman uyimga" deb o‘ylab qolgan vaqtlaringiz ham bo‘lgandir? Har safar O‘zbekistonga kelgandan keyin yana qaytib ketish hissiyoti qanday bo‘ladi? Qolgingiz keladimi yoki ketish istagi ustunroq bo‘ladimi?
Behzod Shukurov:
“Oliy ma’lumotli bo‘lib, karyera qilish niyatim bo‘lgan. Hozir ham shu fikrdaman. Ishdan charchagan paytlarim ketgim keladi, lekin ilojim yo‘qligidan yuribman. O‘zbekistonda ta’lim sohasida ishlab, toifani ko‘tarish haqida orzu bo‘lgan. Hammasi borib moddiy ahvolga taqaladi. Sog‘inch bo‘ladi, albatta, chet elda yurasiz, ishlaysiz, bu yerdagi qiyinchiliklar bilan ketgingiz keladi. Vatan sog‘inchi, oila, farzandlar, qishloq, taomlar... hammasini sog‘inaman. Hozir ham ketgim keladi. Boshqa qaytib kelgim kelmaydi. Shu oxirgi kelishim”.
Rossiyadan boshqa birorta davlatga ketish fikri bo‘lmaganmi? Yevropagami, Amerikagami?
— Rossiyadan boshqa davlatga borib ishlash yoki o‘qish orzusi bo‘lmagan. Faqat pul topish maqsadida Rossiyaga kelganman.
Boburjon Tohirov:
“O‘zbekistonda karyera qilish niyati menda har doim bo‘lgan va hozir ham bor. Hamma narsaning vaqt-soati bor deb o‘ylayman. Oila, vatan sog‘inchi bu har bir migrantning eng ogriqli nuqtasi deb bilaman. O‘zbekistonga borganda, albatta, oila davrasida, do‘stlar atrofida bo‘lish yoqimli, lekin har doim ham istaklarimiz va maqsadlarimiz bir nuqtada kesishavermaydi hayotda.
Nega aynan Italiya? Italiya sizni nimasi bilan o‘ziga jalb qilgan? Boshqa Yevropa davlatlariga borgan bo‘lsangiz, ulardan qanday farqlanadi?
“Italiyani tanlashimga eng katta sabab – bakalavr darajasini Toshkentda Turin politexnika universitetida olganim bo‘lgan. Magistraturaga ham aynan shuning uchun Turin politexnika universitetini tanlaganman. Italiya o‘z tabiati, qadimiy yodgorliklari bilan ajralib turadi. Har bir regionning bir-birini takrorlamaydigan o‘ziga yarasha turmush tarzi, ovqatlari, madaniyati bor. Italiyaliklar qaysidir ma’noda biz o‘zbeklarga ham o‘xshab ketishadi, oila ular uchun eng muqaddas tushuncha, italiyaliklarning bolajonligi ham alohida mavzu. Italiyaning boshqa Yevropa mamlakatlaridan farqlanadigan jihati - uning ovqatlari hamda tabiati. Albatta, Italiya qirg‘oqlarini yuvib turuvchi dengizlar ham. Shuningdek, ob-havoning qulayligi ham (qishda 0 dan deyarli pastga tushmaydi) yashash uchun juda yaxshi muhit yaratadi”.
Shirin Abdurazzoqova:
“O‘zbekistonda karyera qilish niyati bo‘lgan, lekin, aytganimdek, diplom bilan tanish-bilishsiz ish topolmaganman 1 yil. Bizda esa bosim kuchli. Erga beramiz deyishgan. Erga tekkandan keyin esa o‘zingiz bilasiz, ko‘pincha ayollarda karyera umuman tugaydi. Ota-ona, vatan sog‘inchi bo‘ladi, ba’zida ketgim ham kelardi, lekin borganimdan keyin afsuslanishimni bilaman.
Bu yerdagi erkinlik, inson huquqlari O‘zbekistonda bor deb o‘ylamayman. O‘zbekistonga hali u yerdan ketganimdan so‘ng borib ko‘rmadim, lekin judayam borgim keladi. Oilamni, do‘stlarimni, o‘zimizning milliy ovqatlarimizni, milliy mahsulotlarni juda sog‘inaman. Albatta, yaqinlar oldidan ketish yoqimsiz bo‘ladi, lekin endi mening hayotim shu yerda. Shuning uchun qaytish unchalik qiyin bo‘lmaydi”.
Ayol bo‘lib xorijda ishlash qanday? Qanday qiyinchilik va afzalliklari bor?
“Ayolmi, erkakmi bu yerda mehnat qilsangiz, o‘qib-o‘rgansangiz, deyarli farq qilmaydi. Agar o‘zimizning odamlar ichida ishlasangiz, bu qiyinroq. Stereotiplar shu yerdagi odamlar ichida ham bor. Masalan, bu yerda katta fura mashinani erkaklar haydaydi, men ham shuning pravasini olib ishga chiqqanman. Shunda sezilgan O‘zbekistondagidek bosim. Ya’ni, qiz bolaga nima bor, erga tegsa bo‘maydimi undan ko‘ra, degan gaplar. Qiz bolaning ishimas bu degan. Kattaroq masshtabdagi jamiyatda esa muammo ko‘rmadim ayolligim bois. Aksincha, hamma sizga yordam beradi yo‘llarda, shu mashinada yurganingizdayam, qo‘llab-quvvatlashadi”.
Millabuvayev Umidjon:
“Ha, haqsiz, men oliy ma’lumotliman. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavr hamda magistratura bosqichini tugatganman. Bundan tashqari, Fransiyaning Blez Paskal universitetida magistraturada o‘qiganman. O‘z yurtimda jon deb ishlashga, jon deb yashashga tayyorman. Lekin yuqorida aytib o‘tilgan sabablar tufayligina bu yerda ishlab yuribman. Biz ajoyib millatmiz-da, boshqalarga o‘xshamaganmiz. Borgan joyimiz qayerda bo‘lsa ham, vatanga qaytishni istaymiz. Hatto Fransiyada o‘qib yurgan paytimda ham oxirgi oylarda kun sanaganman.
Bu yerda ham xuddi shunday. Vatan sog‘inchi, ota-ona sog‘inchi odamni qiynaydi. Buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Tilla tuxum bo‘lsa ham qolish niyatim yo‘q. Baribir qaytib ketaman O‘zbekistonga. Mana, yaqinda ta’tilga boraman bir oy muddatga. Endi qaytgach, yanada solishtirish imkoniyati bo‘ladi. Karyera qilish niyatim bor. Hozircha shaxsiy rivojlanish ustida ham ishlayapman. Qaytgach, soham bo‘yicha ishlashni yana davom ettiraman. Turizm sohasida ham faoliyat olib boraman. Asosiy ishimdan bo‘sh vaqtlarimda, albatta. Men O‘zbekistonda tug‘ilganimga shukr qilaman”.
Nega aynan Germaniya? Fransiya yoki Kanada, yoki AQSH emas? Germaniyaning boshqa davlatlardan ustun yoki ojiz taraflari qanday aynan mehnat bozorida?
“Germaniya tanlovi tasodifan bo‘lib qoldi. Lekin Yevropada Germaniya Fransiyadan ancha ustunlikka ega. Oylik maosh ham ko‘proq. Hatto fransuzlar ham Germaniyaga ishlashga keladi. Germaniyani AQSH yoki Kanada bilan solishtirish qiyinroq. Lekin har birining o‘ziga xos tomonlari bor. AQSHda ko‘p narsa faqat byurokratiya bilan to‘sib tashlanmagan.
Germaniyada esa barchasi tartib bilan ishlaydi. Byurokratiya juda kuchli desa ham bo‘ladi. Har bir davlatning o‘ziga xos manfiy va musbat taraflari bor. Kanada esa sovuqroq mamlakat. Kanadaga ham ketishim mumkin edi, lekin omad Germaniyaga kulib boqdi. Ammo, yuqorida aytganimdek, baribir vatanga qaytish hissi ortib boraveradi”, — deydi Millabuvayev Umidjon.
Ko‘rganimizdek, barcha suhbatdoshlarimiz oliy ma’lumotli, salohiyati yuqori kadrlar. Ularning xorijda ishlash sabablari ham, sharoitlari ham turlicha. Ularning kelajakdagi ishlariga va faoliyatlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Jahongir Ostonov suhbatlashdi
Izoh (0)