Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonda taʼbir joiz bo‘lsa, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqealar ro‘y berdi. Avvaliga yomg‘ir yog‘ib, Toshkent ko‘chalarini suv bosdi, odamlar qayiq xizmatiga ehtiyoj sezdi. Biroz o‘tmay, Sergelidagi ko‘p qavat uylarning birida yashovchi ona uch nafar farzandini to‘qqizinchi qavatdan pastga uloqtirib, norasidalar joniga qasd qildi. Hafta yakunida esa Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi qishloqlarning biriga ayiq oraladi, Ko‘kdala tumanidagi xonadonga esa bo‘ri kirib keldi.
“Daryo” haftaning eng esda qolarli voqealari ketma-ketligini yodga olishda davom etadi.
O‘tgan hafta yakuni va joriy hafta boshida yog‘gan yomg‘ir poytaxt ko‘chalarini suvga to‘ldirdi. Avtomobillar suvda qolib, harakatlanishdan to‘xtadi. Shunday paytda nafaqat haydovchilar, yo‘lovchilar ham qayiq xizmatiga ehtiyoj sezdi.
Bir kundan so‘ng Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati poytaxt ko‘chalarida suv toshganiga izoh berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi lotoklarning o‘rtacha diametri 300 millimetrga teng. Ular yog‘ingarchilik suvlarini kollektorlar va kanallarga yetkazadi. 2-aprel kuni ikki soat davomida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida 20 millimetr yomg‘ir yog‘gan va bu aprel oyi uchun belgilangan umumiy meʼyorning, yaʼni 60 millimetrning uchdan bir qismiga teng bo‘lgan.
“Lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani bois shahrimizdagi bir necha manzilgohlarda suv to‘planishi kuzatildi”, — deyiladi hokimlik munosabatida.
Taʼkidlanishicha, ushbu holatni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va uning tuman boshqarmalari, kommunal soha tizimlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimlari va yuzdan ortiq maxsus texnikalari jalb etilib, soat 23:00 gacha barcha manzillardagi holatlar bartaraf etilgan.
Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqealar ham sodir bo‘ldi. Qashqadaryo viloyatidagi qishloqlarga avvaliga ayiq, so‘ngra bo‘ri oraladi. Samarqanddagi qo‘riqxonadan kelib qolgani taxmin qilingan qo‘ng‘ir ayiq olomonga duch kelib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Odamlar hamlasi-yu, avtomobillar taʼqibidan qo‘rqib qolgan ayiq odamlar yashovchi xonadonlarga, hududdagi maktab binosiga kirishga ham urindi. Keyin esa jarliklardan hosil bo‘lgan g‘orga berkinib, ko‘p o‘tmasdan otib tashlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda avvaliga ayiq Chiroqchi tumani hokimi topshirig‘iga ko‘ra otilgani yozilgan bo‘lsa, Tabiat resurslari vazirligi ayiqni o‘ldirish haqidagi topshiriq tuman IIB boshlig‘i buyrug‘i ekanini ochiqladi. Ayiq o‘ldirilishicha, odamlar xavfsizligi sabab qilib ko‘rsatildi. Masʼullar ayiqni o‘ldirganlarga nisbatan chora ko‘rilishini bildirdi.
Ko‘p o‘tmay Chiroqchi tumaniga qo‘shni tuman Ko‘kdaladagi xonadonlarning biriga bo‘ri kirib borgani xabar berildi. Bu safar hayvon otilmadi, o‘ldirilmadi.
“Bo‘rini tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish choralari ko‘rilmoqda”, — dedi bu haqda rasmiy axborot bergan Tabiat resurslari vazirligi.
Haftaning eng dahshatli voqeasi esa Sergeli tumanida 27 yoshli ayol 5, 4 yoshli o‘g‘illari va hali bir yoshga ham to‘lmagan farzandlarini ko‘p qavatli uyning to‘qqizinchi qavatidan otib yuborib, joniga qasd qilgani bo‘ldi. Ikki bolasini derazadan uloqtirgan ona olti oylik chaqalog‘ini qo‘liga olib, o‘zi ham pastga sakragan va o‘sha joyning o‘zida vafot etgan.
Keyinchalik marhuma uch nafar farzandi bilan olti oydan beri ona uyida yashab kelayotgani, turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lib turgani maʼlum bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan hududda yashovchi aholi vakillari voqeadan dahshatga tushgan bo‘lsa, OAV manbalari marhuma o‘limidan avval eriga videomurojaat qoldirib, bolalarini Alloh dargohiga yuborayotganini aytganini oshkor qildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida rahbarlik qilib kelayotgan Asrol Boyqarayev Ramazon oyida ro‘zador suvchilarga suv ichirib, ro‘zasini ochirgani xabar berilgan bo‘lsa, Toshkent viloyati hokimi muqaddas ramazon oyida otasini qarovsiz qoldirgan ayrim farzandalarga dakki berib, insofga chaqirdi.
Qolaversa, yakunlanayotgan haftada Xorazm viloyatida yuz bergan — oilaviy mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 15, 16 va 17 yoshli qizlarni 10 oy davomida zo‘rlab kelgan Adliya boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar bo‘limining sobiq rahbarlariga nisbatan o‘qilgan sud hukmi adolatsiz ekani aytilib, ish Oliy sudda qayta ko‘rib chiqilishi maʼlum bo‘ldi. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida esa o‘zi asrab olgan 13 yoshli qizni zo‘rlagan, qiz homilador bo‘lib qolgach, homilani majburan oldirib tashlagan 52 yoshli erkakka Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi va 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilayotgan jinoyatlarni sodir etish aybi qo‘yildi va mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)