O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda Dunyo agentligi.
O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi diplomatik akademiyasi bilan hamkorlikda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi. Tadbirda o‘zbekistonlik diplomatlar, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi, Diplomatik akademiya vakillari, ilmiy ziyolilar, qirg‘izistonlik siyosatshunos va ekspertlar ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Bishkek o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Qirg‘iziston tog‘-kon va ko‘mir sanoati, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligini qayta ishlash, energetika, qurilish va boshqa sohalarda yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaydi. Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi alohida qayd etildi.
Taʼkidlanishicha, Bishkek O‘zbekiston—Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va savdo hajmini oshirish uchun samarali platformaga aylanishiga umid qilmoqda. Tez orada ikki davlat poytaxtlarida ochiladigan savdo uylari faoliyati samaradorligiga umid bildirildi.
O‘zbekistonlik diplomatlar ishtirokchilarga Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning faol faoliyati haqida maʼlumot berdi. Madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama hamkorlik ham yangi surʼat kasb etgani qayd etildi.
Izoh (0)