Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ayni damda mamlakatda haydovchilik guvohnomalarini sinov muddatidan so‘ng berish amaliyotini joriy etish zarur yoki yo‘qligini hal qilmoqda. Bu haqda “Daryo”ning Qozog‘istondagi muxbiri “Polisia.kz”ga tayanib, xabar berdi.
Bunday taklif “KazAvtoJol” kompaniyasidan kelib tushgan. Kompaniya vakillari mamlakatdagi avtomobil haydash madaniyatidan qattiq norozi ekanini bildirgan. Jumladan, respublikaning Jezqazg‘on shahrida tezlikni oshirish holati jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan 2,6 barobar ko‘p sodir bo‘ladi. Qozog‘istonliklarning avtomobilni xavfsizlik kamari taqmasdan boshqarish holati esa 8,5 foiz ko‘proq kuzatiladi.
Mutaxassislar Finlyandiya misolini hisobga olishni taklif qildi. Bu mamlakatda haydovchilik guvohnomasini ikki yillik sinov muddati va bir qator imtihonlardan so‘ng olish mumkin. Bundan tashqari, ular Star Rating for Schools xalqaro maktab loyihasiga e’tibor qaratishni so‘radi. Bu loyiha maktablar yaqinida o‘qituvchilar va o‘quvchilarni jalb qilgan holda xavfsiz avtomobillar harakati tizimini yaratishga yordam beradi.
Izoh (0)