Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida Rossiya Moldovani bosib olishni rejalashtirayotgani aytdi.
Zelenskiy Ukraina razvedkasida tegishli ma’lumot borligini aytib, Moldova prezidenti Mayya Sanduni bu bo‘yicha ogohlantirganini aytdi.
“Yaqinda men Moldova prezidenti Sandu xonim bilan gaplashdim va razvedkamizning Moldovadagi siyosiy vaziyatni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘lga kiritgan Rossiyaning batafsil rejasi haqida ogohlantirdim. Rossiya hujjatida kim, qachon va qanday xatti-harakatlar natijasida Moldovani, bu davlatning demokratik tartibini buzib, uning ustidan nazorat o‘rnatishi ko‘rsatilgan”, — deydi siyosatchi.
U Moldovaga qarshi harakatlarni boshlash uchun Kremldan buyruq berilgani yoki yo‘qligi hozircha ma’lum emasligini ta’kidladi. Zelenskiy Rossiya rejimining faqat bitta istagi borligi, bu Yevropadagi har qanday erkinlikni yo‘q qilish ekanini qayd etdi.
“Ammo ular Ukrainaga, boshqa davlatlarga, xususan, Yevropaga qarshi nima qilmoqchiligini ko‘rdik. Yangilik yo‘q”, — deydi Zelenskiy.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Gʻarb davlatlari Moldovani “navbatdagi Ukraina” sifatida ko‘rayotganini aytgandi. Moldova Ukrainadagi urush tufayli Rossiya bilan aloqalarni uzgan. Moldova razvedkasi rahbari Rossiya qo‘shinlarining Ukraina orqali Moldova tomon harakatlanishi xavfini “real va juda yuqori” deb atagan.
Izoh (0)