Qirg‘izistondagi parlament yig‘ilishida deputat Tazabek Ikromov poytaxt yo‘llaridagi tirbandliklarga prezident korteji sabab bo‘layotganini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Bishkekda odatda ertalab va kechqurun tirbandlik yuzaga keladi.
“Agar bu masala hal qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Ehtimol, kortejlarni odamlar ishga ketgunga qadar, kechqurun esa soat 18:00 dan keyin emas, 20:00 dan keyin o‘tkazish mumkin. Balki “tepada o‘tirganlar” yo‘llarni to‘sib qo‘yishni bas qilar”, — dedi Tazabek Ikromov.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning korteji har kuni Bishkekdagi Manas shohko‘chasi bo‘ylab harakatlanadi. 2021-yil iyun oyida Japarov kortejidagi avtomobil YTHga uchragandi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va 3 kishi jarohatlangandi. Keyinchalik halok bo‘lgan shaxs Qirg‘iziston prezidentining shifokori ekani ma’lum qilingan.
Izoh (0)