Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifini Qarshi tumanidan boshlagani haqida xabar berilgan edi. Davlat rahbari “Yangi Batosh” mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari mahalladagi Kasanachilik markaziga borib, unda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“O‘zi hunar o‘rganishning eng katta zamini — mahalla. Bu an’anamizdan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, markaz “Yangi Batosh”dan tashqari unga tutash “Batosh”, “Xoniyon”, “Taraqqiyot”, “Dasht”, “Jumabozor” kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to‘liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligida muhim omil bo‘ladi.
Izoh (0)