Turkiyaning Antakya shahrida 20-fevral kuni 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markaziga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Zilzila 10 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Zilzila epimarkazi Turkiya-Suriya chegarasida, Turkiyaning Antakya shahridan 14 kilometr janubi-g‘arbda va Suriyaning Latakiya shahridan 70 kilometr shimolda joylashgan. O‘z navbatida, CNN Turk zilzila Turkiyaning Hatay viloyatiga ham taʼsir ko‘rsatganini xabar qilmoqda.
“Oyoq ostida yer titrab ketdi. Juda kuchli silkinishlar bo'ldi, vayronagarchilik bor”, — deydi muxbir. Zilzila oqibatida uylar vayron bo‘lgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 6-fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,8 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soatlik interval bilan sodir bo‘ldi. Zilzila kuchi qo‘shni davlatlar, jumladan Suriyada ham sezildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va qo‘shni Suriyada 50 mingdan ortiq odam tabiiy ofat qurboni bo‘ldi, minglab binolar vayron bo‘ldi.
Izoh (0)