Xitoy va AQSH o‘rtasidagi “ayg‘oqchi sharlar” bo‘yicha kelishmovchilik Pekin Vashingtonni Xitoy hududi uzra noqonuniy tarzda havo sharlarini uchirganlikda ayblaganidan keyin kuchaydi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 2022-yildan buyon AQSH sharlari Xitoy havo hududi ustidan 10 martadan ortiq noqonuniy uchganini ma’lum qildi. Mazkur obyektlarning parvozi “harbiy yoki josuslik” maqsadi bilan bevosita bog‘lanmagan, biroq Pekin hukumati boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Xitoy AQSHni tuhmat qilish va ayblashdan ko‘ra, o‘zini analiz qilishga chaqirgan. Vashington hozircha Pekinning ayblovlariga javob bermadi. Xitoy bayonoti AQSH yanvar oyida Janubiy Karolina qirg‘oqlari yaqinida Xitoyga tegishli "razvedkachi shari"ni urib tushirganidan keyin yangragan.
AQSH osmonida qayd etilgan razvedka shari Davlat kotibi Entoni Blinkenni Pekinga rejalashtirilgan safarini bekor qilishga undadi. Shundan so‘ng AQSH harbiylari Shimoliy Amerika osmonida yana uchta uchar obyektni urib tushirdi. Xitoy AQSH o‘z havo sharini urib tushirganidan "qattiq" norozi ekanini va voqeaga har qanday munosabat bildirish huquqini o‘zida saqlab qolganini aytdi.
Izoh (0)