Fransiyada Energetika va ekologiya vazirliklarining to‘qqizta binosi elektr tarmog‘i va issiqlik ta’minotidan uzildi. Bu haqda HuffPost xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ta’minotdagi uzilish 30-dekabrda boshlangan va 2-yanvarga qadar davom etadi. Parij markazida, Hotel de Roquelaure’da, La Defans’dagi ofislarda yoki Anjedagi filiallardagi xodimlar 2-yanvargacha masofadan ishlaydi.
Fransiya hukumati bu orqali onlayn ishlash elektr energiyasini qanchalik tejashini o‘lchamoqchi. Vazir Agyes Pannye-Runashening iltimosiga binoan, Energetika vazirligi isitish tizimidan uzilgan.
Avvalroq Buyuk Britaniya hukumati aholini elektr va gazni tejashga chaqirgandi. Energetika regulyatori Ofgem aholi orasida axborot kampaniyasini boshlagan hamda britaniyaliklarni elektrni tejashga chaqirgan.
“Hammamiz iloji boricha energiya sarfini kamaytirish haqida o‘ylashimiz mumkin. Bu nafaqat to‘lovlarni kamaytirish yo‘li hisoblanadi balki uglevodorodlardan voz kechishga, yetkazib berish xavfsizligini ta’minlashga va ularni ijtimoiy ehtiyojlarga yo‘naltirish uchun budjet mablag‘larini tejashga yordam beradi”, — degan Ofgem bosh direktori Jonatan Brirli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator ta’minot kompaniyalarining iste’molchilarga qishda elektr energiyasini tejash borasidagi tavsiyalarini tarqatishga yordam beradi.
Izoh (0)