Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus armiyasining Ukrainadagi qator harbiy muvaffaqiyatsizligi uchun javobgarlikdan o‘zini soqit qilishga urinmoqda. Bu haqda Britaniya Mudofaa vazirligining harbiy razvedka xizmati hisobotida ma’lum qilindi.
Vazirlik bunga Ukrainaga bostirib kirishda mas’ul bo‘lgan birlashgan shtabning yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishini misol qilib keltirmoqda. Xususan, Putin Rossiya oliy harbiy rahbariyati, jumladan, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shma kuchlari guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikin bilan uchrashgan.
Uchrashuvda Kreml rahbari keyingi jangovar harakatlar strategiyasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan. Britaniya razvedkachilarining fikricha, bu Putinni Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainadagi qator harbiy muvaffaqiyatsizliklari uchun javobgarlikdan soqit qilishga qaratilgan.
“Bu uchrashuvda Putin Ukrainadagi urushni o‘tkazishda jamoaviy mas’uliyatni namoyish qilmoqchi. Rossiya prezidenti harbiy muvaffaqiyatsizlik, yuqori o‘lim darajasi va aholining safarbarlikdan noroziligi ortib borayotgani uchun javobgarlikdan o‘zini ozod qilmoqchi. Putin jtimoiy tarmoqlarda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov iste’foga chiqishi haqidagi mish-mishlarga barham berishni ham maqsad qilgan”, deyiladi razvedka xodimlari hisobotida.
Eslatib o‘tamiz, 19-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarusga amaliy tashrif bilan kelgan va Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokara mavzusi mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy aloqalarni mustahkamlash bo‘lgan.
ISW (Urushni tadqiq qilish instituti) fikricha, Putin Lukashenkoga uni Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga ko‘ndirishga harakat qilgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)