Navoiy viloyatida soliqchilar tomonidan noqonuniy undirilgan 2 milliard so‘m tadbirkorga qaytarildi. Bu haqda Biznes-ombudsman “Daryo”ga xabar berdi.

Keltirilishicha, Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi “Uchquduq” (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ rahbarining Vakil devoniga qilgan murojaatidan so‘ng, tadbirkor hisobidan noqonuniy yechib olingan mablag‘ qaytarildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat soliq boshqarmasi buyrug‘iga asosan o‘tkazilgan soliq auditi natijasida jamiyatga 2 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha soliq va jarimalar hisoblanib, ushbu mablag‘ hisob raqamidan undirib olingan.
Sudning hal qiluv qarorida soliq organi qarori haqiqiy emas deb topilganiga qaramay, mablag‘lar tadbirkor ixtiyoriga o‘z vaqtida qaytarilmagan.
O‘rganish natijasida tekshiruv jarayonida qonunbuzilish holatlari aniqlandi va mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, tadbirkor hisob raqamiga 2 milliard 160 million so‘m mablag‘ qaytarilishi ta’minlandi.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi ta’kidlangan.
Izoh (0)