Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi urushning borishi haqidagi kunlik hisobotini Rossiyada harbiy xarajatlarning keskin oshishiga bag‘ishladi.
Rossiya prezidenti 5-dekabr kuni imzolagan 2023-yilgi federal budjet to‘g‘risidagi qonun armiya, xavfsizlik xizmatlari va politsiyaga to‘qqiz trillion rubldan (143 milliard dollar) ortiq mablag‘ sarflashni nazarda tutadi. Britaniyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu o‘tgan yillardagidan sezilarli darajada ko‘p va Rossiya umumiy budjetining 30 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya tomonidan 2023-yil uchun taqdim etilgan budjetni unda prognoz qilingan daromad va xarajatlar nuqtai nazaridan “juda optimistik” deb hisoblamoqda. Shu munosabat bilan, deyiladi hisobotda, urush xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash zarurati tufayli Rossiya budjetining noharbiy qismlariga yanada ko‘proq yuk tushishi mumkin.
Rossiya budjetida harbiylarga tegishli xarajatlar turli moddalarga bo‘lingan. Bundan tashqari, budjet moddalarining ba’zilari odatda sir saqlanadi.
Noyabr oyi oxirida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu davlat mudofaa buyurtmasini moliyalashtirish “qo‘shimcha ajratilgan budjet mablag‘larini hisobga olgan holda” 2023-yilda qariyb bir yarim baravarga oshishini aytdi. U xarajatlarning ushbu bandiga budjetdan qancha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilganiga aniqlik kiritmadi.
Forbes jurnalining ukrain xizmati Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga tayanib, xabar berishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi to‘qqiz oy ichida Rossiya urushga 82 milliard dollar sarflagan, bu uning yillik budjet daromadlarining chorak qismiga teng. Forbes ukrainalik harbiylar taqdim etgan ochiq ma’lumotlarga asoslanib hisob-kitob qilgan. Urush sharoitida bu ma’lumotlarni tezda tekshirish imkonsiz.
Izoh (0)