O‘zbekiston bo‘yicha 14 ta muzeyning 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklari talon-toroj qilingan. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda. Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan nizomga ko‘ra milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartiblari belgilangan, xolos. Biroq Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.
Shu kabi muammo va kamchiliklar muzeylardan ko‘plab noyob eksponatlar o‘g‘irlanishi yoki qalbakisiga almashtirib qo‘yilishiga olib kelmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha 14 ta muzeyning 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklari talon-toroj qilingan. Umuman, 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion so‘mdan oshgan.
Shu sababli muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash sohasida ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Izoh (0)