Toshkent viloyati Piskent tumanida 61 yoshli fuqaro tanishini o‘qotar qurol bilan jarohatladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, 13-noyabr kuni soat taxminan 21:00 da Piskent tumani “Lolaariq” mahallasi hududida 1961-yilda tug‘ilgan A.T. tanishi — 1990-yilda tug‘ilgan A.U.ni o‘rtalarida kelib chiqqan janjal oqibatida noma’lum rusumli o‘qotar quroldan jarohatlab, voqea joyidan yashiringan.
Oqibatda A.U. qorinning o‘ng tomon pastki qismini o‘qotar qurolning o‘qi teshib kirishi, qorin bo‘shlig‘i ichki a’zolarining jarohatlanishi tashxisi bilan tuman tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Ko‘rilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida jinoyatni sodir etishda gumonlangan A.T. qo‘lga olinib, voqea joyidan ro‘yxat raqami o‘chirilgan, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 9 mm PM jangovar to‘pponchasi, ikki dona o‘q hamda bir dona otilgan gilza daliliy ashyo sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Noma’lum o‘qotar qurolining kelib chiqishi hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)