Bu yilgi G20 sammitiga mezbonlik qiladigan Indoneziya prezidenti Joko Vidodo Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tadbirga tashrif buyurmasligidan “qattiq ta’sirlanganini” aytdi, deb yozadi The Financial Times.
Indoneziya rahbari gazetaga bergan intervyusida Putin bilan so‘nggi muloqotidan so‘ng Rossiya prezidenti 15—16-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Balidagi sammitga borish niyatida emasdek taassurot qoldirganini aytdi. Kreml saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Putin va Vidodo oxirgi marta 2-noyabr kuni telefon orqali gaplashgan.
G20 klubiga 19 ta davlat (Argentina, Avstraliya, Braziliya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Buyuk Britaniya, Meksika, Rossiya, AQSH, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika, Saudiya Arabistoni va Yaponiya) va butun Yevroittifoq kiradi.
Bu galgi sammitga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham taklifnoma oldi. U avvalroq Baliga “Rossiya yetakchisi” u yerda bo‘lmagan taqdirdagina kelishini aytgan edi.
7-noyabr kuni Kreml Putinning shu hafta G20 sammitiga borish-bolmasligini e’lon qilishga va’da berdi. Davlat rahbarining o‘zi oktabr oyi oxirida tashrif haqida “o‘ylab ko‘rishini” aytgan edi.
Izoh (0)