Qirg‘iziston “Kapital-bank”i Rossiyaning MIR to‘lov tizimi kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi, deya xabar bermoqda “Kommersant”. Bu Qirg‘izistonda MIR kartalarini qabul qilishdan bosh tortgan 13-bankdir.
Endilikda “Kapital-bank” bankomat va POS terminallarda MIR kartalarini qabul qilmaydi. Shuningdek, Milliy to‘lov kartalari tizimi doirasida ushbu kartalar yordamida mijozlarga o‘tkazmalarga xizmat ko‘rsatmaydi.
So‘nggi ikki oy ichida Qirg‘izistonning bir nechta banklari MIR kartalarini qabul qilishdan bosh tortdi.
15-sentabr kuni AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning MIR to‘lov tizimini xorijda qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi.
Shundan so‘ng MIR kartalariga Turkiya va O‘zbekiston banklari xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. MIR tizimini joriy etishga va’da bergan Shri-Lanka hukumati oktyabr oyi o‘rtalarida bu g‘oyadan voz kechdi.
Avvalroq O‘zbekistonda MIR kartalariga xizmat ko‘rsatishni qayta tiklash rejalashtirilmayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)