Xitoy Tayvanni egallash uchun kuch ishlatishga tayyor. Bu haqda Xitoy Kommunistik partiyasi vakili Sun Yeli ma’lum qildi, deb yozadi Al Jazeera.
Sun Yeli Tayvanning Xitoyga qo‘shilishi “hamma, jumladan, Tayvan xalqi manfaatiga xizmat qilishini” aytdi. Shuningdek, u Xitoy tinch yo‘l bilan birlashishni afzal ko‘rishini ta’kidladi.
Kommunistik partiya vakilining aytishicha, Xitoy tayvanlik siyosatchilarning rasman mustaqillikka erishishga bo‘lgan urinishlariga, shuningdek, vaziyatga ularning chet ellik tarafdorlari, jumladan AQSHning aralashuviga toqat qilmaydi.
Tayvan hududida keskinlik yuqoriligicha qolmoqda.
Tayvan atrofidagi ziddiyat
Shu yilning aprelida, amerikalik kongressmenlar guruhi tashrifidan keyin Xitoy va Tayvan atrofidagi vaziyat keskinlashdi. Avgust boshida Tayvanga Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi kelganidan keyin keskinlik o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Uning tashrifi Xitoy tomonidan qattiq tanqidga uchradi. U Tayvanni o‘z viloyati deb hisoblaydi va uning Pekin diplomatik aloqada bo‘lgan mamlakatlar vakillari bilan muloqotlariga qarshi chiqadi.Pelosining tashrifiga javoban, Xitoy Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. AQSH XXRni sun’iy inqirozni keltirib chiqarishda aybladi va Vashingtonning pozitsiyasi o‘zgarmagani, u hamon yagona Xitoy siyosatiga amal qilishini ta’kidladi. Tayvan, o‘z navbatida, Pekinni “muskullarini ko‘z-ko‘z qilishni” to‘xtatishga chaqirdi.
Keskinlik kuchayishi fonida Xitoy 10-avgust kuni “Oq kitob”ni e’lon qildi. Ushbu hujjat har ikki yilda yangilanadi, unda mamlakatning milliy mudofaa strategiyasi bayon etiladi. “Oq kitob”ning yangi tahririda Xitoy Tayvanni kuch bilan egallab olishi mumkinligini bildirdi. Agar “tashqi aralashuv kuchlari” “qizil chiziq”ni bosib o‘tsa, qat’iy harakatlarga o‘tishi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ushbu hujjatda Xitoy “bir mamlakat, ikki tizim” modelini taklif qildi. Ammo Tayvan bu g‘oyani rad etib, “Tayvan xalqigina o‘z kelajagini hal qila olishi”ni aytdi.
Avvalroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) yetakchisi Si Szinpin o‘z harbiylariga 2027-yilga kelib Tayvan ustidan harbiy nazorat o‘rnatishga tayyorlanishni topshirganini ma’lum qilgandi.
AQSH prezidenti Jo Bayden agar Xitoy tomonidan keng ko‘lamli hujum bo‘lsa, AQSH harbiylari Tayvanni himoya qilishini aytdi.
Izoh (0)