Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

AQSH vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2022-yil 2-avgust kuni samolyotda Malayziyadan parvoz qilib Indoneziya, Bruney va Filippin mamlakatlari ustidan uchib o‘tib, Tayvanga keldi. Shu tariqa AQSH vakillar palatasi spikerining 25 yil ichidagi orolga ilk tashrifi boshlandi. Siyosatchi darhol Tayvan suverenitetining bir tomonlama buzilishiga qarshi ekanligi haqida bayonot bergan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Xitoy ham bu kabi harakat suverenitetning buzilishi ekanligi haqida ogohlantirgan va buning oqibatlari yaxshi bo‘lmasligini bayon etgandi. Pekin Tayvan bo‘g‘ozi ustidan fuqarolik aviatsiyasi samolyotlarining parvozini taqiqlab qo‘ygan. Xitoy TIV Tayvan masalasini mamlakatning ichki ishi deb atagan va unga boshqa davlatlarning aralashmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Avvalroq Xitoy hukumati shu hafta payshanbadan – yakshanbagacha Tayvan sohillarida harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilganini e’lon qilgan.

Tayvan (yoki Xitoy Respublikasi) mustaqilligi qisman tan olingan davlat, uning suverenitetini 14 ta mamlakat rasman tan olgan. Xitoy respublikasiga rasman 1911-yilda asos solingan, biroq hozirgi Tayvan hududidagi davlat 1950-yillar boshida fuqarolar urushidan keyin qochgan Gomindan tarafdorlari bu yerga kelgan vaqtida shakllangan. AQSH o‘sha vaqtda Xitoy xalq respublikasini rasman tan olmagan, chunki Tayvandagi hukumatni qonuniy deb hisoblagan.

1970-yillar boshigacha Tayvan BMTda Xitoy nomidan ish ko‘rgan. Ammo Richard Niksonning XXRga rasmiy tashrif bilan kelishi, AQSH-Xitoy munosabatlarining yaxshilanishi kommunistik mamlakatning xalqaro huquq subyekti ekani tan olinishiga sabab bo‘ldi. Shundan buyon Tayvanga amalga oshiriladigan har qanday siyosiy tashrif Pekin uchun xalqaro huquq me’yorlarining buzilishi sifatida baholanadi.

AQSH rasman Tayvanni iqtisodiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, mudofaa sohasida ham ko‘mak berib keladi.

1997-yilda Tayvanga AQSH vakillar palatasi spikeri Nyut Gingrich tashrif bilan kelgandi. Taybeyda u mustaqilligi qisman tan olingan mamlakatning prezidenti Li Den Xuey bilan uchrashgan. Pekin bunga Gonkong va Makao XXRga qo‘shib olinayotgani tufayli keskin e’tiroz qilmagandi.

31-iyulda Pelosining AQSH kongressmenlari delegatsiyasi bilan birga Osiyo bo‘ylab sayohati boshlandi. Siyosatchining rasmiy saytida AQSH kongressmenlari to‘rtta davlat Singapur, Malayziya, Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lishi xabar qilingan. Tashrifning asosiy mavzulari “tinchlik, xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va savdo, COVID-19 pandemiyasi, iqlim inqirozi, inson huquqlari va demokratik boshqaruv” ekani qayd etilgandi.

Dastlab Tayvan Pelosi tashrifining nuqtalaridan biri ekanligi oshkor qilinmagan. Kongress vakillar palatasi spikeri aprel oyida Tayvanga kelishni reja qilgan, ammo koronavirusga chalingani tufayli ushbu sayohat kechiktirilgandi. Siyosatchi Taybeydagi siyosiy vaziyatni o‘nglashga harakat qilmoqchi ekanligi haqida rasmiy bayonot bermagan, lekin ushbu imkoniyatdan foydalanmasligi to‘g‘risida ham gapirmagan.

Oq uy ham Pelosining Tayvanga borish rejasi bo‘lganini tasdiqlamagan. AQSH prezidenti administratsiyasi Pelosining amerikalik har qanday kongressmen kabi Tayvanga borish huquqiga ega ekanligini bildirgan. AQSH konstitutsiyasiga ko‘ra Pelosi mamlakatda prezident va vitse-prezidentdan keyingi uchinchi eng katta mansabdor shaxs hisoblanadi.

Xitoy hamda AQSH o‘rtasidagi munosabatlar Pelosining Tayvanga tashrifidan keyin yanada keskinlashdi. Pekin Vashingtonga “yagona Xitoy” prinsipiga rioya qilishni eslatgan, mazkur prinsipga ko‘ra Tayvan suverenitetga ega emas. AQSH siyosatchisining Tayvanga tashrifi XXR suverenitetining buzilishi deb baholanmoqda.

“Amerika tomoni o‘z yo‘lidan yurishga chaqiradi, Xitoy harbiylari esa bunga qo‘l qovushtirib qarab turmaydi, shubhasiz ichki siyosatga har qanday aralashuvlarga va “Tayvan mustaqilligi” ayirmakashlik fitnalariga nisbatan keskin choralar ko‘riladi, shuningdek harbiylar milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qiladi”, — deya bayonot bergan Xitoy mudofaa vaziri Tan Kefey 26-iyulda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Andijonda sodir etilgan mudhish qotillik yuzasidan mahalla mas’ullari va hudud noziriga nisbatan xizmat tekshiri tayinlangan” — Bosh prokuratura
Mahalliy
O‘zbekiston internetda mualliflik huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro bitimni tasdiqladi
Mahalliy
Ozarbayjon aviakompaniyasi Bokudan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi