Samarqand va Surxondaryoda sug‘oriladigan ekin yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Departamentning Samarqand viloyati Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.V.” fermer xo‘jaligi rahbari N.M. va boshqalar xo‘jalikka ijara shartnomasi asosida ajratilgan sug‘oriladigan ekin yer maydonida o‘zboshimchalik bilan uy-joy va boshqa qurilishlarni amalga oshirgani aniqlangan.
Buning oqibatida 21 sotix yer maydoni yaroqsiz holatga kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 255,5 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Shu kabi, departamentning Suryondaryo viloyati Denov tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro Y.D. “Nuriston” mahallasi hududida zaxiradagi 10 sotix sug‘oriladigan ekin yer maydonini egallab olib, jami 96 kvadrat metrli uy-joy qurgani aniqlangan.
Viloyatning Oltinsoy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro O.O. “F.Q.” fermer xo‘jaligiga tegishli 10 sotix sug‘oriladigan ekin yer maydonini egallab olib, 64 kvadrat metrli uy-joy qurish uchun beton poydevor va g‘isht terish ishlarini amalga oshirgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)