Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 15-sentabr kuni mashina olib qochgan 20 yoshli yigit qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 05:00 da noma’lum shaxs transport vositasini olib qochish maqsadida Shayxontohur tumani “Gulobod” mahallasida joylashgan 41-sonli maktab binosi oldida bo‘la turib, shu yerda qarovsiz qoldirilgan, 37 yoshli U.Ch.ga tegishli Nexia-2 eshigini o‘z yonida bo‘lgan six yordamida ochib, olib qochgani aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari davomida shu kunning o‘zida soat 11:30 da mazkur avtomashina Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida joylashgan savdo markazi oldida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, haydovchining shaxsi tekshirilgan. U Toshkent viloyatida yashovchi muqaddam sudlangan 20 yoshli A.S. ekani aniqlangan va qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibida ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Izoh (0)