Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass BMT Bosh Assambleyasida rasmiy London kelasi yil Kiyevga kamida 2,3 milliard funt sterling (2,64 milliard dollar) miqdorida harbiy yordam taqdim etmoqchi ekanini e’lon qiladi, deb yozadi “RBK”.
Buyuk Britaniya bu yil deyarli shu summaga teng hajmda harbiy yordam ajratdi va ushbu maqsadga xarajatlar hajmi bo‘yicha ikkinchi davlatga aylandi. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Trass o‘z nutqi chog‘ida G‘arb mamlakatlarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirishni rejalashtirmoqda.
“RBK” hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oxiriga qadar Buyuk Britaniya Ukrainaga 3,9 mingdan ortiq NLAW tankka qarshi majmualarini, 120 ta “Mastif” zirhli mashinalarini, 200 ta yuqori texnik Brimstone-1 raketalarini, shuningdek, noma’lum sondagi kemaga qarshi raketa majmualarini, baravar o‘t ochish raketa tizimlarini, og‘ir dronlarni va boshqa qurol-yarog‘larni yetkazib bergan.
Saylovoldi munozaralar chog‘ida Trass Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimi tuzilishiga qarshi chiqib, Kiyevga “toza g‘alaba” kerakligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina tomoni G‘arb mamlakatlaridan maksimal darajada ko‘p yordam olishi kerak.
Shu bilan birga, u Buyuk Britaniya nizoga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasligi kerakligini qayd etgan. Trass Ukraina NATOga a’zo emasligini va shu sababli alyansning kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi shartnomasi bilan himoyalanmaganini eslatdi. Shu sababli, dedi u, mintaqaga “Britaniya qo‘shinlari va resurslarini to‘g‘ridan to‘g‘ri joylashtirish noto‘g‘ri” bo‘lgan bo‘lardi.
Liz Trass hukmron Konservativ partiya yetakchiligi uchun kurashda g‘olib chiqib, 6-sentabr kuni Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziriga aylandi. Undan avvalgi hukumat rahbari, partiya ichidagi kurashlar natijasida iste’foga chiqqan Boris Jonson jamoatchilik orasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi eng faol dunyo yetakchilaridan biri edi va u urush davrida Kiyevga bir necha marta borgan edi.
Iyul oxirida Britaniya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab yurgan Liz Trass bosh vazir etib saylansa, u birinchi bo‘lib Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z qo‘llab-quvvatlovini bildirishini ma’lum qilgan edi. Va shunday bo‘ldi ham: Zelenskiy Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimida muloqot qilgan birinchi chet el yetakchisiga aylandi.
Trass Zelenskiyga u “to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi”ni, Ukraina esa uzoq muddatli istiqbolda Buyuk Britaniyaning ko‘magiga umid qilishi mumkinligini tasdiqlagan. Shuningdek, Trass Zelenskiyning Ukrainaga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan.
Mavzuga doir:
- Liz Trass Britaniyadagi inflyatsiya va energetika inqiroziga qarshi kurashish uchun 130 mlrd funt sterling ajratmoqda
- Liz Trassning saylovdagi g‘alabasidan keyin Britaniya ichki ishlar vaziri iste’foga chiqdi
- Trass Britaniya iqtisodiyotini qutqarish uchun atrofiga sodiq vazirlarni yig‘moqda — Guardian
Izoh (0)