Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya xalqi va prezidentidan so‘ramasdan, o‘z lavozimini “shunchaki” tark etishga haqqi yo‘qligini aytdi. U muddatsiz ta’til to‘g‘risidagi bahslarni to‘xtatishga chaqirdi va gubernatorlik lavozimida eng uzoq qolish bo‘yicha rekordni yangilamoqchiligini aytdi. Avvalroq Qodirov uning “vaqti kelgani” haqida gapirgandi.
“Aslida meni shunchaki ketishga haqqim yo‘q, albatta. Xalq menga hudud rahbariyatini ishonib topshirgan. Bu ishonchni oqlash esa mening muqaddas burchimdir. Men faqat Rossiya xalqi va prezidentidan so‘ragan holda ketishim mumkin. Shuning uchun muddatsiz ta’til haqidagi gaplarni keyinga qoldiramiz”, — dedi Checheniston rahbari o‘zining videomurojaatida.
U Checheniston hududini 15 yildan beri boshqarib kelayotganini, biroq Rossiya gubernatorlari o‘rtasidagi rekord 27 yil ekanligini esladi. Lavozimida eng uzoq qolgan rahbar Belgorod viloyatining sobiq gubernatori Yevgeniy Savchenko bo‘lib, u ushbu lavozimda 1993-yildan 2020-yilgacha ishlagan.
“Men hali uzoq qolganim yo‘q, oldingi rekord 27 yil bo‘lgan. Endi men joriy rekordni yangilashga qaror qildim. Ko‘ramiz, bu ko‘rsatkichdan o‘zib keta olarmikanman”, — dedi Ramzan Qodirov.
3-sentabr kuni Qodirov Checheniston rahbari lavozimida juda uzoq vaqt qolib ketgani va “muddatsiz ta’tilga chiqishi kerakligi” haqida gapirgandi.
“Mana, 15 yildan beri men respublikaga rahbarlik qilaman. Biz, kavkazliklar, chechenlarda, mehmon qanchalik hurmatli, uzoq kutilgan bo‘lmasin, agar u o‘z vaqtida ketsa, yoqimli bo‘ladi, degan maqol bor. Shuning uchun, menimcha, vaqtim ham keldi”, — degan u.
Qodirov 2017-yil noyabr va 2016-yil fevral oylarida ham ketishi mumkinligi haqida gapirgan.
Izoh (0)