Tailand sharqida joylashgan Chonburi provinsiyasidagi Mountain B tungi klubida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi jarohatlandi. Bu haqda politsiyaga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Yong‘in 5-avgustga o‘tar kechasi boshlangan. Qurbonlarning barchasi — Tailand fuqarolari.
Mahalliy Thairath telekanali ta’kidlashicha, binoning tomi yonuvchi materiallardan qurilgani tufayli olov juda tez tarqalib ketgan. Qo‘shimcha chiqish yo‘llari yo‘q xonada faqat bitta eshik bo‘lgan, shu sababli odamlar tungi klubdan chiqa olmagan. Voqea guvohlaridan birining telekanalga aytishicha, yong‘in shiftdan boshlangan, bir necha portlashlar bo‘lgan.
Portal MGR online yong‘in o‘chirilgani, buning uchun qutqaruvchilarga ikki soatdan ko‘proq vaqt kerak bo‘lgani haqida yozmoqda. Yong‘inning dastlabki sababi sifatida qisqa tutashuv keltirilmoqda, deya ta’kidlaydi Thairath.
Iyun oyi oxirida Tailandda mamlakat poytaxti Bangkok bozorlaridan birida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan, olti nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi tutundan zaharlanib, shifoxonaga yetkazilgan. Yong‘inga dastlabki sabab sifatida quvvat transformatorining portlashi ko‘rsatilgan.
Izoh (0)