“Tolibon” Afg‘onistondan O‘zbekistonga snaryad otganlarni qo‘lga olib, jazolashini bildirgani yaxshi yangilik. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Telegram'dagi kanalida post qoldirdi.
Kamoliddin Rabbimovning yozishicha, bu holat “Tolibon” harakatining mas’uliyatli qo‘shni bo‘lish niyatida ekanini anglatadi.
“Yaqinda toliblar Toshkentga kelib, muzokalalar o‘tkazib, qaytishi bilan Afg‘oniston tomonidan O‘zbekiston hududiga beshta snaryadsiz raketalar otilgandi. Men “toliblar muzokaralardan norozi bo‘lib kettimikin”, deb xayol qilgan edim. Birinchidan, raketalar toliblarni qaytishi bilanoq otilgandi. Ikkinchidan, raketalar snaryadsiz bo‘lganligi “bu shunchaki signal, ichida bombasi bo‘lsa bormi”, degandek mujda berardi...
Lekin toliblar “biz aybdorlarni topamiz va qattiq jazolaymiz” deyishi, vaziyatni yumshatgandi. Bugun esa toliblar “hujumlarni uyushtirgan guruh vakillarini” qo‘lgan olganligini, jazolashini bildiribdi. Bu yaxshi yangilik. Bu bilan “Tolibon” harakati “biz bunday fikrlamaymiz, biz bunday qilmaymiz – biz mas’uliyatli qo‘shni bo‘lish niyatidamiz”, demoqda.
Raketalarni aslida kim otganligi ham muhim. Lekin undan muhimi, “Tolibon” harakati kollektiv mas’uliyatni o‘ziga olmadi, o‘zidan soqit qildi va o‘zining ichidagi radikal qanotga “biz bunaqa ahmoqona yo‘l tutmaymiz”, degan pozitsiyani singdirdi”, – deb yozgan siyosatshunos.
Avvalroq Afg‘onistondan O‘zbekistonga snaryad otganlar ushlangani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, jinoiy guruhning 3 nafar a’zosi o‘ldirilgani, 5 nafari tiriklayin qo‘lga olingani bildirilgan.
Izoh (0)