O‘tgan hafta Osiyo mintaqasidan Yevropaga jo‘natilgan ko‘mirning bir tonnasi 421 dollarga sotilgan, bu Osiyo ko‘mir eksporti uchun rekord ko‘rsatkichdir. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Energiya narxining oshishi muqobil energiya yetkazib beruvchilarining yo‘qligi va Osiyodagi jazirama tufayli elektr energiyasiga talabning ortishi bilan izohlanadi.
IHS Markit indeksiga ko‘ra, Avstraliyaning Nyukasl portida bir tonna ko‘mir narxi 402,5 dollarga yetib, birinchi marta tonnasi uchun 400 dollardan oshgan.
Osiyo va Yevropadagi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari kamayib borayotgan tabiiy gaz zaxiralari o‘rniga qo‘shimcha ko‘mir yetkazib berish uchun, tog‘-kon sanoati korxonalari esa ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun kurashmoqda, — deya ta’riflaydi agentlik bozordagi vaziyatni.
Ko‘mir narxi oshishi uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasi narxining oshishiga va kambag‘al mamlakatlarda resurs tanqisligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ko‘mirga bo‘lgan talabning ortishi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki ko‘mir eng “iflos” energiya manbalaridan biri bo‘lib, hozirgi sharoitda bir qator Yevropa va Osiyo davlatlarining ekologik strategiyalariga zid keladi.
Avvalroq butun dunyo ko‘mirdan voz kechayotgan bir paytda O‘zbekiston uni ishlab chiqarishni oshirayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)