Buyuk Britaniyaga noqonuniy ravishda kelgan ukrainaliklar Ruandaga (Sharqiy Afrikadagi davlat) yuborilishi mumkin, dedi bosh vazir Boris Jonson. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar bermoqda.
“Odamlarni Ruandaga yuborish ehtimoli bo‘lgan yagona holat — agar ular Buyuk Britaniyaga noqonuniy ravishda kelsa va shu tariqa bizdagi xavfsiz va qonuniy yo‘nalishlarga putur yetkazsa”, — dedi Jonson Ruanda poytaxti Kigali shahriga tashrifi chog‘ida.
“Biz ukrainaliklarga 130 mingta viza beramiz va ularda mamlakatga kirish uchun kamida ikkita juda yaxshi yo‘l bor”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan Ruandaga deportatsiya holati sodir bo‘lishi mumkin, ammo bu “dargumon”.
Aprel oyida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson migratsiya bo‘yicha yangi davlat siyosatini e’lon qilgandi: endi Buyuk Britaniyaga noqonuniy yo‘llar bilan kelgan odamlar qochqin maqomini olish uchun Ruandaga yuborilishi mumkin.
Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus Buyuk Britaniyaga odamlarni noqonuniy olib kelish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarning biznes modelini yo‘q qilishga qaratilgan. Yangi tizim odamlarga Ruandaga xavfsiz sayohat qilish va u yerda qochqinlik maqomini olish uchun ariza topshirish, agar rasmiylar tomonidan ruxsat berilsa, u yerda qolib, yangi hayot qurish imkonini beradi.
Izoh (0)