So‘nggi yillarda jahonning bir necha davlati, xususan, postsovet davlatlarida konstitutsiyaga keng ko‘lamli o‘zgartirishlar kiritish tendensiyasi boshlandi. Demokratik respublikalarning eng oliy qonuni bo‘lmish Konstitutsiya qanday o‘zgartiriladi va unga o‘zgartirish kiritish qanday natijalarga olib keladi?
Konstitutsiya o‘zi nima?
“Konstitutsiya” atamasi fransuz va lotin tilidagi “constitution” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, farmon va buyruqlar, shuningdek imperator qonunlari (constitutiones principis: edicta, mandata, decreta, rescripta) bildirish uchun ishlatilgan. So‘zning asl ma’nosi esa o‘rnatish, tasdiqlash, tartibga solish deganidir.
Keyinchalik, bu atama kanon huquqi (cherkov qonunlari yig‘indisi)da muhim ta’rifga, xususan, hozirda havoriylar konstitutsiyasi deb ataladigan Papa tomonidan chiqarilgan farmonga ishora qilish uchun keng qo‘llanila boshlanadi.
Konstitutsiya demokratik davlatlaridagi eng oliy qonunlar to‘plami bo‘lib, unga mamlakatdagi asosiy erkinliklar va majburiyatlar haqida moddalar kiritiladi. Konstitutsiya har bir sohani tartibga soluvchi moddalarga ega bo‘lmaydi, u faqat eng asosiy qoidalarni belgilab beradi. Konstitutsiya moddalarini bajarish majburiy va qat’iy bo‘lib, mamlakatdagi hech qaysi qonun hujjati konstitutsiya qoidalariga zid kelmasligi kerak.
Dunyodagi ilk yozma konstitutsiya 1789-yilda AQSHda qabul qilingan. Eng qadimiy va qisqa konstitutsiya hisoblanuvchi ushbu konstitutsiya mustaqil AQSH davlatidagi eng muhim qonunlar to‘plami edi. AQSHdan so‘ng jahonning juda ko‘plab davlatlari o‘z konstitutsiyalarini qabul qila boshladi.
Biroq aslida konstitutsiyaning tarixi ancha uzoq, miloddan oldingi davrlarga borib taqaladi.
Drakon qonunlari. Konstitutsiya tarixi
Asosiy qonunlarning birinchi to‘plami antik davrdayoq paydo bo‘ladi. U birinchi marta miloddan avvalgi 620-yilda Afinada qayd etilgan, ushbu qonunlar shaharni boshqarish haqida bo‘lgan. Afinada konstitutsiyaga ehtiyoj shoshilinch edi: hokimiyat aristokratiyaga tegishli bo‘lib, shahar kambag‘al aholiga noma’lum og‘zaki qoidalar orqali boylar xohishiga ko‘ra boshqarilardi. Afinada ular mol-mulk, yer va hatto erkinlik bilan garovga olingan pul ssudalari bilan shug‘ullangan. Oqibatda aholi qarz qulligiga tushib qoladi, katta yer-mulklar zodagonlar qo‘lida to‘planadi, hukmdor zaiflashadi. Afinada agar kimdir jinoyat sodir etgan bo‘lsa, uning oqibati jinoyatchi va jabrlanuvchining qaysi oilaga mansubligiga bog‘liq edi. Ko‘pincha bu bir necha avlodlar davom etishi mumkin bo‘lgan qonli nizolarga olib kelardi. Aristokratik qasoslar butun shaharga ta’sir qiladi. Norozi kambag‘al aholining ko‘magi bilan mutlaq hukmdor bo‘lishga intilgan olimplik Kilonining hokimiyatni egallashga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng, aristokratlar barchaga majburiy bo‘lgan umumiy qoidalarni joriy etishga majbur bo‘ladi.
Bu vazifa qonun chiqaruvchi Drakonga topshirildi, u mavjud qonunlarni tuzatadi va yangilarini kiritadi. Aristokratlar o‘rtasidagi jinoyatlar endi sud tomonidan hal qilinib, qonli adovatlar noqonuniy bo‘lib qoladi. Oradan uch yuz yil o‘tgach, Aristotel qasddan va beixtiyor odam o‘ldirish o‘rtasidagi farqni belgilaydi.
Drakon konstitutsiyasi shafqatsiz edi. Unda oziq-ovqat o‘g‘irlash kabi ko‘plab mayda jinoyatlar ham o‘lim bilan jazolanadi. Qarz uchun qullikka mahkum qilish davom etadi.
Natijada, Drakon konstitutsiyasi uzoq vaqt amalda bo‘lmaydi va miloddan avvalgi 590-yillarda, navbatdagi tartibsizliklardan so‘ng, Solon qonunlari bilan almashtiriladi. U qarz amnistiyasini o‘tkazadi, barchani sudda vakillik bilan ta‘minlash va saylangan organlarda ishtirok etish malakasini kengaytiradi — bu bilan u Afina demokratiyasining ilk poydevorini qo‘yadi.
Aristotel boshqa shunga o‘xshash qonunlar majmui qatori Drakon konstitutsiyasi bilan ham qiziqadi — u konstitutsiya nima va uni qanday tartibga solish kerakligi haqidagi savol qo‘yadi. Aristotel o‘zining “Siyosat” asarida shunday yozadi:
“Davlat tuzumi lavozim sohasidagi tartibdir; uning ostida barcha qatlamlar o‘ziga xos xususiyatlar asosida yoki umumiy nuqtayi nazardan ularning tengligini belgilaydigan u yoki bu qoida orqali o‘z o‘rnini topadi (aytmoqchimanki, masalan, kambag‘al yoki badavlat yoxud ikkalasi uchun umumiy bo‘lgan muvozanatni saqlaydigan qoida). Shunday qilib, muqarrar ravishda, davlatning tarkibiy qismlariga xos bo‘lgan ustunlik va o‘ziga xos xususiyatlarga ko‘ra, davlat tuzumining qancha boshqaruv usullari mavjud bo‘lsa, shuncha ko‘p turlari mavjud”.
Aristotel birinchi bo‘lib konstitutsiyaviy qonunlarni oddiy qonunlardan, ya’ni “mansab sohasida tartibni” o‘rnatuvchi qoidalarni ajratgan. Boshqacha qilib aytganda, konstitutsiyaning asosiy vazifasi davlatni boshqarish tizimi va tartiblarini tavsiflashdan iborat ekanligini belgilagan. Konstitutsiyaning boshqa qonunlardan ustunligi haqidagi g‘oya shundan kelib chiqadi.
Manfaatlar evaziga huquqlar
Butun dunyoda konstitutsiyaviy hujjatlarni yozish davom etadi. Ular orasida, masalan, XI-XII asrlarda yozilgan “Russkaya pravda” (“Rus haqiqati”) qonunlar to‘plami asosan sud normalarini tavsiflagan.
Ammo konstitutsiyaviy qurilishning zamonaviy nazariyasi va amaliyoti faqat XVII asrga kelib shakllana boshlaydi.
Bu davrda asosiy savol shu ediki, davlatda tartib o‘rnatish huquqi qayerdan keladi va nima uchun hamma bu tartibni bajarishi kerak — ya’ni qonuniylik masalasi yuzaga chiqadi. O‘rta asrlarda muammo oddiygina hal qilingan: Injil qonunlari oliy qonunlar deb hisoblangan va imperatorlar Xudoning yerdagi himoyachilari sifatida papalar tomonidan toj kiygan. Bundan tashqari, hokimiyat an’analarga tayangan — “shunday bo‘lgan, shunday bo‘lyapti va har doim shunday bo‘ladi”. Sekulyarizatsiya (cherkov vakolatlarini qisqartirish) sabab bu yondashuv susaya boshlaydi va endilikda boshqa asoslarni topishga to‘g‘ri keldi. Bu ijtimoiy shartnoma edi.
Zamonaviy konstitutsiyaviylik nazariyotchilari — Tomas Hobbs, Jon Lokk, Jan-Jak Russo va boshqalar har bir inson tabiiy huquqlarga ega degan g‘oyaga sodiq edi. Erkinlik, adolat, tenglik, zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat qilish huquqi tabiatan odamlarga tegishli. Bu g‘oya yangi emas bo‘lib, hatto antik davrda ham shunday o‘ylangan.
Ijtimoiy shartnoma tuzish orqali odamlar ba’zi tabiiy huquqlardan voz kechadi yoki ularning cheklanishiga rozi bo‘ladi, chunki bu ularning manfaatlariga mos keladi. Misol uchun, biz o‘g‘rilik qilsak, ozodligimiz qamoq bilan cheklanishi mumkinligini qabul qilamiz — chunki bizni ham hech qanday oqibatlarsiz talon-toroj qilishlarini xohlamaymiz. Bu almashinuvning asosiy sharti shundaki, huquqlardan voz kechish umumiy manfaatlar uchun ishlatilishi kerak.
Detallar har xil bo‘lishi mumkin — bu davlat qurilishi sohasida mutlaq monarxiyani ham, radikal demokratiyani ham oqlashi mumkin. Har holda davlatning asosiy qonunlari yoki konstitutsiyasi o‘zaro majburiyatlarni belgilovchi hujjatga aylanadi.
Konstitutsiyaviy tuzum
Konstitutsiyaning o‘zi qog‘ozga yozilgan so‘zlardan boshqa narsa emas. Bosh qomusda belgilangan ijtimoiy shartnoma haqiqatan ham ishlasa, bu davlat konstitutsiyaviy bo‘ladi. Amalda bu qanday yuz beradi:
Jarayonlarning barqarorligi — asosiy qonunlar, qoidalar va jarayonlarni doimiy va asossiz ravishda o‘zgartirish mumkin emas. Fuqarolar o‘z mamlakatlarida hukumat qanday ishlashini bilishi kerak va demak ularning harakatlari oqibatlaridan xabardor bo‘lishlari lozim. Konstitutsiyaviy bo‘lmagan tuzumlarda fuqarolar, jumladan, yuqori mansabdor shaxslar ko‘pincha ertaga o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini va “ular uchun kelishmasligini” bilmasligi mumkin.
Hukumatning javobgarligi — Konstitutsiyaviy demokratik mamlakatlarda hokimiyat organlari fuqarolar oldida quyidagi tartib-qoidalar orqali javobgardirlar: saylovlar, davlat lavozimlarini belgilash, budjet mas’uliyati, mansabdor shaxslarni lavozimidan chetlashtirish uchun saylovlar, referendumlar. Hokimiyatning javobgarligi fuqarolarga o‘z hukumati harakatlari uchun javobgar bo‘lish imkonini beradi.
Hokimiyat bo‘linishi. Hokimiyatning mintaqaviy va federal, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi nazorat va muvozanat tizimini yaratadi. Fuqarolar turli muassasalarga murojaat qilish orqali olib borilayotgan siyosatga ta’sir qilishi mumkin bo‘ladi.
Hokimiyat harakatlarining shaffofligi. Fuqarolar boshqaruvda ishtirok etishi va yetarli ma’lumotga ega bo’lishi uchun hokimiyatning harakatlarida shaffoflik zarur, masalan, saylovlar orqali. Oshkoralik bo‘lmasa, hukumatning mas’uliyatini, demak, fuqarolarning mas’uliyatini ta’minlab bo‘lmaydi.
Konstitutsiyalar qanday o‘zgartiriladi?
Shubhasiz, vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy shartnoma eskiradi — keyin esa konstitutsiyani o‘zgartirish masalasi o‘rtaga chiqadi. Biroq bu jarayonni qanday tashkil qilish kerakligi haqidagi savol juda murakkab. AQSH Mustaqillik Deklaratsiyasi mualliflaridan biri Tomas Jefferson konstitutsiya har 19 yilda bir marta o‘zgartirilishi kerak deb hisoblardi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu vaqt ichida aholining yarmi yangilanadi, ya’ni konstitutsiya endi ularning manfaatlarini ifodalamaydi.
Ammo bugungi kunda AQSH konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish juda qiyin — hatto o‘zgartirishga qarshi fuqarolarning 2 foizi ham tuzatishlar qabul qilinmasligi uchun yetarli bo‘lishi mumkin (lekin aniqroq hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolarning taxminan 25 foizi tuzatishlarni bloklashi mumkin). Gap beshinchi moddada ko‘rsatilgan qoida haqida ketmoqda: unga ko‘ra, tuzatish avval Kongressning har ikki palatasining uchdan ikki qismi tomonidan ma’qullanishi, keyin esa shtatlarning to‘rtdan uch qismi tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. 1789-yildan 2019-yilgacha 11 770 ta tuzatish taklif qilingan bo‘lsa, ulardan 27 tasigina AQSH konstitutsiyasiga kiritilgan.
Daniyada ham vaziyat xuddi shunday: u yerda konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish uchun avvalo parlamentdagi ko‘pchilik ularga ovoz berishi kerak, saylovlardan keyin esa tuzatishlar yangi parlamentda yana ko‘pchilik tomonidan ma’qullanishi lozim. Shundan so‘ng referendum o‘tkazilib, unda fuqarolarning ko‘pchiligi o‘zgartirishni yoqlab ovoz berishi, saylovchilarning kamida 40 foizi referendumda ishtirok etishi shart. Daniya konstitutsiyasi kuchga kirgan 1849-yildan beri faqat uch marta o‘zgarishga uchragan.
Darhaqiqat, konstitutsiyalarga o‘zgartirishlar kiritishning osonligi halokatli oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. Bu tarixda Veymar Respublikasi bilan sodir bo‘lgandi, uning konstitutsiyasi tarixchi Uilyam Shirer tomonidan XX asrdagi eng liberal va demokratik deb atalgan. Ushbu konstitutsiyaning 48-moddasi prezidentga favqulodda holat joriy etish va Reyxstag (parlament) roziligisiz qonunlarni o‘zgartirishga ruxsat beradi. Veymar Respublikasi mavjud bo‘lgan davrda (1919-1933) prezidentlar ushbu moddadan yuz martadan ko‘proq foydalangan — favqulodda vaziyatni joriy qiluvchi modda noqulay vaziyatlarni hal qilish vositasiga aylanadi. 1933-yil 27-fevralda Reyxstagdagi yong‘indan keyin Germaniya prezidenti yana 48-moddadan foydalangan holda farmon chiqaradi. Bir oy oldin Adolf Gitler kansler tayinlangan, ammo Reyxstagda ko‘pchilik ovozga ega emas edi. Natsistlar partiyasi prezidentni yong‘in kommunistik inqilobning boshlanishi ekanligiga ishontiradi. Prezident 48-modda yordamida chiqargan farmonda shaxsiy, so‘z va matbuot erkinligi, yig‘ilishlar va shaxsiy daxlsizlik huquqi cheklanadi. Deputatlarning mandatlari bekor qilinadi, qayta saylangandan so‘ng, natsistlar partiyasi Reyxstagda ko‘pchilikni qo‘lga kiritadi va Gitlerga diktatorlik vakolatlarini bergan “Xalq va Reyxni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun”ni qabul qilishga muvaffaq bo‘ladi. Veymar konstitutsiyasi Uchinchi Reyx ag‘darilgunga qadar amalda bo‘ladi. Xuddi shunday firibgarlik Misrda ham qilingandi. U yerda favqulodda holat to‘g‘risidagi qonun 1981-yildan 2012-yilgacha davom etadi va inqilob sabablaridan biriga aylanadi.
Boshqa tomondan, ba’zan konstitutsiyalarni o‘zgartirish haqiqatdan ham kerak bo‘ladi va ko‘plab mamlakatlarda bu odatiy jarayon. Misol uchun, Germaniyada tuzatishlarni qabul qilish uchun faqat parlamentning uchdan ikki qismining ovozi kerak xolos. Biroq aksariyat mamlakatlarda konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar odatda parlament tomonidan ikki marta — saylovdan oldin va keyin ovozga qo‘yiladi yoki parlament ma’qullaganidan keyin referendum o‘tkaziladi.
Fasad (soxta) konstitutsiyalar va ularga tuzatish kiritish
Konstitutsiyaviy bo‘lmagan ko‘plab tuzumlarda ham konstitutsiya mavjud. Ular turli maqsadlarga xizmat qilishi mumkin — masalan, davlat boshqaruvini tashkil etish, ya’ni ijtimoiy shartnomaga tayanmasdan, asosiy qonun bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Boshqa hollarda, konstitutsiyaga ega bo‘lish xalqaro munosabatlar uchun foydali. Fasad konstitutsiyalari arab dunyosi, Afrika va Lotin Amerikasida ko‘proq uchraydi.
Bunday mamlakatlarda soxta konstitutsiyalar, masalan, parlament saylanishi bilan ishlay boshlaydi yoki aksincha. Muammo shundaki, bunday vaziyatda tuzatishlar ko‘pincha hokimiyatlar bo‘linishi va umuman qonunchilik bazasining xiralashishiga olib keladi va odatda shunday bo‘ladi ham. Ba’zi tadqiqotchilar bu jarayonlarni wiki-konstitutsiyaviylik deb ataydi, chunki bunday tuzumlardagi asosiy qonun Vikipediya maqolalari kabi osonlik bilan qayta yoziladi.
Muvaffaqiyat yo‘li
Samarali konstitutsiyaviy tizim barqarorlik va moslashuvchanlik o‘rtasidagi muvozanatni doimiy izlashdir. Bunday konstitutsiyalar muvaffaqiyatli bo‘lib, jarayonlarning barqarorligini ta’minlaydi, ammo o‘zgaruvchan sharoitlarga nisbatan moslashuvchan bo‘ladi. Yaxshi ishlaydigan konstitutsiyaviy hujjatlarni qanday qoidalar birlashtiradi:
- qisqa, batafsil emas
- protseduralar va protsesslarga qaratilgan (mazmunidan farqli o‘laroq)
- mazmuni, agar mavjud bo‘lsa, mavhum, keng yoki noaniq tarzda yozilgan
- protseduralar mamlakat siyosiy tajribasiga mos keladi.
Izoh (0)