Kislorod miqdorini cheklash Parkinson kasalligida miyani zararlanishdan himoya qilishi va hatto harakat faolligini tiklashi mumkinligi aniqlandi. Broud instituti va Massachusets umumiy shifoxonasi olimlari shunday xulosaga kelishgan. Tadqiqot natijalari Nature Neuroscience (NatNeurosci) jurnalida e’lon qilindi.

Tajribaning birinchi bosqichida olimlar sichqonlarga Levi tanachalarining shakllanishiga yordam beradigan zaharli α-sinuklein oqsillarini yuborishgan. Neyronlarni shikastlaydigan va harakat faoliyatining buzilishiga olib keladigan oqsil to‘plamlariga shunday nom berilgan. Inyeksiyalardan so‘ng hayvonlar ikki guruhga ajratilgan. Birinchi guruh oddiy kislorod miqdori (21%) bo‘lgan havodan nafas olgan, ikkinchi guruh esa surunkali gipoksiya sharoitida (atmosferadagi kislorod ulushi 11%) saqlangan.
Uch oydan keyin oddiy havodan nafas olgan sichqonlarda sezilarli harakat buzilishlari, neyronlarning halok bo‘lishi va miya to‘qimalarida Levi tanachalarining ko‘pligi kuzatilgan. “Gipoksik” guruhdagi hayvonlarda Levi tanachalari ham shakllangan, ammo neyronlar butun qolgan va harakat funksiyalari saqlanib qolgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, kislorod yetishmovchiligi zaharli oqsillar hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qilmagan, biroq miyani ularning zararli ta’siridan himoya qilgan.
α-sinuklein yuborilgandan olti hafta o‘tgach, birinchi guruhdagi sichqonlar ham kislorod yetishmovchiligi sharoitiga joylashtirilgan. Natijada kemiruvchilarda muvozanat yaxshilangan, xavotirli xulq-atvor kamaydi va neyronlarning degeneratsiyasi to‘xtagan. Shuningdek, tadqiqot sog‘lom sichqonlarga qaraganda kasal sichqonlarning miyasida kislorod darajasi yuqori ekanligini ko‘rsatgan.
Mualliflarning fikricha, bu mitoxondriyalar faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq - ular kislorodni yaxshi qayta ishlay olmaydi, natijada u organizmda to‘planib, zaharli ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirda jamoa maxsus sharoitlarda bo‘lish zaruratisiz gipoksiya ta’sirini taqlid qila oladigan dori vositalarini yaratish ustida ishlamoqda. Bunday dorilar neyrodegenerativ va mitoxondrial kasalliklarni davolashda istiqbolli bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)