Chexiya hukumati Rossiya va Belarus fuqarolariga viza va yashash uchun ruxsatnomalar berish taqiqini 2023-yil mart oyi oxirigacha uzaytirdi. Ushbu taqiq Rossiya Ukrainaga bostirib kira boshlaganidan ko‘p o‘tmay joriy etilgandi.
Taqiq ilgari berilgan yashash ruxsatnomalarini uzaytirishga, gumanitar xarakterdagi va boshqa bir qator holatlarga taalluqli emas — xususan, ariza beruvchi Chexiyada yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining oila a’zosi bo‘lsa va uzoq muddatli yashash uchun ruxsat so‘rayotgan bo‘lsa, taqiq unga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Nizomning maqsadi Rossiya va Belarusga bosim o‘tkazish, ularning tajovuzkorligini to‘xtatish va Chexiya xavfsizligini ta’minlashdir.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng, Chexiyadan tashqari, Latviya, Litva va Estoniya ham rossiyaliklardan viza uchun arizalarni qabul qilishni to‘xtatdi. Ushbu mamlakatlarning diplomatlari Rossiyadan chiqarib yuborilgach, qator konsulxonalar viza berishni to‘xtatdi.
Iyun oyi o‘rtasida Ukraina rossiyaliklar uchun viza rejimini joriy qildi. Qonun 1-iyuldan kuchga kiradi. Bunga qadar rossiyaliklarning Ukrainaga kirishi uchun viza talab qilinmas edi.
Izoh (0)