“O‘zgidromet” joriy yil iyul oyidagi havo harorati tahlilini eʼlon qildi. Qayd etilishicha, o‘tgan oyda mamlakatdagi harorat iqlim meʼyoridan yuqori bo‘lgan.

Eng issiq iyul
O‘rganishlarga ko‘ra, iyulda o‘rtacha oylik havo harorati iqlim meʼyoridan 1–3 daraja yuqori bo‘lgan.
“O‘zbekiston hududining katta qismida, shimoli-g‘arbiy hududlardan tashqari, 2025-yil iyul oyi eng issiq iyul oylari uchligiga kirdi, bir qator hududlarda esa barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ldi”, deyiladi tahlilda.
Mamlakatda kunduz kunlari havo 38-41 darajagacha, eng issiq kunlarda 42-44 darajagacha, janub va cho‘l hududlarda 45-48 darajagacha isigan.
Ayrim joylarda maksimal harorat meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun rekord bo‘ldi yoki o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekordlarni takrorladi.
40 darajadan yuqori hurorat
Iyulda respublikaning katta qismida 40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar uzoq yillik o‘rtacha ko‘rsatichlardan ko‘proq bo‘ldi. Bunday yuqori haroratli kunlarning eng ko‘pi respublika janubidagi ayrim hududlarda 18 kundan 24 kungacha kuzatilgan.
Toshkent shahrida 40 daraja va undan yuqori haroratli vaqt 11 kun davom etdi. Bu ko‘rsatkich 2018 va 2022-yillarning iyul oylari bilan bir qatorda ikkinchi o‘rinni egalladi. Yaʼni 2019-yil iyulda poytaxtdagi harorta ketma-ket 14 kun ekstremal yuqori — 40 darajadan 42,5 darajagacha bo‘lgan.
O‘tgan oyda mamlakatning ayrim hududlarida harorat 40 daraja va undan baland bo‘lgan kunlar soni meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng maksimal darajaga yetdi. Xususan, Navoiyda 17 kun, Farg‘onada 7 kun ana shunday harorat kuzatilgan.
“Iyul oyi quruq bo‘ldi. Aksar hududlarda yomg‘ir umuman yog‘madi. Faqat Farg‘ona vodiysi, Toshkent viloyatining tog‘li joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘di. Bunda bir kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik miqdori 8-13 mm ga yetdi. Iyul oyining quruq bo‘lishi O‘zbekiston uchun odatiy hol. Biroq, bu ketma-ket yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatilgan to‘rtinchi oy (2025-yil apreldan boshlab) bo‘ldi”, deyiladi tahlilda.
Qaysi hudud 48 daraja isidi?
Iyul oyida O‘zbekiston bo‘yicha eng issiq harorat Qashqadaryo viloyatidagi Muborak dashtida kuzatilgan. Hududda harorat maksimumlari 48 darajaga yetgan.

Keyingi eng yuqori issiqlik Moshiquduqdagi (Qizilqum cho‘li) meteostansiyada qayd etilgan — 47 daraja. Shu bilan birga, yuqori jazirama Termiz (45,8 daraja), Navoiy (45,5 daraja) va Mo‘ynoq (44,7 daraja) hududlarida kuzatilgan. Qolgan joylarda eng yuqori harorat quyidagicha bo‘lgan:
- Toshkent — 43,5 daraja;
- Nukus — 43,5 daraja;
- Urganch — 43,5 daraja;
- Buxoro — 45,5 daraja;
- Samarqand — 42,3 daraja;
- Jizzax — 41,2 daraja;
- Sirdaryo — 43,4 daraja;
- Qarshi — 44,8 daraja;
- Andijon — 41 daraja;
- Namangan — 42,6 daraja;
- Farg‘ona — 41,4 daraja.
Avvalroq O‘zbekistonda 2-5-iyul kunlaridagi jazirama sabab tez yordamga 250 mingga yaqin chaqiriq kelib tushgani ochiqlangan.
Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, anomal issiq havo Markaziy Osiyoga katta xavf solmoqda. Mintaqada havo harorati ortib borishi insonlar hayoti va iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazadi. Yaqin kelajakda iqlim o‘zgarishi yomon oqibatlar yaratishidan jiddiy xavotir mavjud.
Izoh (0)