Fevral boshida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha hafta avvalroq AQSH hukumati dastlabki 48 soat ichida Kiyev qulab, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qo‘lga olinishini norasmiy ravishda prognoz qilgan edi. Meduza manbalariga ko‘ra, Kreml ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan maxsus operatsiya yengilgina o‘tadi, deb o‘ylagan. Hatto Ukrainaga “Kiyev ko‘chalari va chorrahalarini qo‘riqlash” uchun politsiyachilar yuborilgan.
Biroq Ukraina poytaxti turib berdi, mamlakat prezidenti esa hokimiyatni saqlab qoldi. Mart oxirida Rossiya Kiyev va Chernigov viloyatlaridan qo‘shinlar olib ketilishini e’lon qilib, buni tinchlik muzokaralari doirasidagi yon bosish deb atadi (muzokaralar esa keyinroq muzlatib qo‘yildi), may o‘rtalariga kelib esa Xarkov ostonasidagi joylashuv nuqtalaridan chekina boshladi. NATO bosh kotibi urushda Ukraina g‘alaba qozonishini taxmin qildi. Ayni vaqtda G‘arbda Rossiya bilan murosaga borish haqidagi da’vatlar ham yangramoqda, deb yozadi Meduza.
G‘arbda urushni yakunlash bo‘yicha Putinga “yuzini saqlab qolish” imkoniyatini beruvchi variantlar haqida o‘ylashmoqda. Faqat Ukraina hududlarini topshirish hisobiga emas, deyapti Zelenskiy
9-may kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush tinchlik bilan tugashi muqarrarligini aytib, ushbu tinchlik shartlarini muhokama qilishda tomonlardan hech biri “kamsitilmasligi” kerakligini ta’kidladi. Bir necha kundan keyin Zelenskiy Italiyaning Rai 1 kanaliga intervyu berdi, unda Makronning gaplarini keltirib o‘tishdi va “Rossiya uchun chiqish yo‘li qanaqa bo‘lishi mumkin?” degan savolga javo berishni so‘rashdi. “Biz Rossiya uchun chiqish yo‘li qidirmasligimiz kerak, janob Makron bekorga bunday qilyapti. Unda yaxshigina tajriba bor: Rossiya o‘zi istamagunicha, bu o‘ziga kerakligini tushunib yetmagunicha, hech qanday chiqish yo‘lini qidirmaydi”, — dedi Zelenskiy.U o‘zlariga kelib tushayotgan, Putinning “yuzini saqlab qolish” uchun Ukraina hududining bir qismidan kechish haqidagi takliflarni “unchalik to‘g‘ri emas” deb atadi. “Biz kimningdir bir narsasini saqlab qolib, buning evaziga o‘z hududlarimizni yo‘qotishga tayyor emasmiz. Menimcha bu mutlaqo adolatsizlik”, — deya norozi bo‘ldi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Putinning “yuzini saqlab qolish” bo‘yicha xavotirini nafaqat Makron, balki AQSH prezidenti Jo Bayden ham bildirgandi. Oq uy fikricha, aynan hozir Rossiya prezidentida Ukraina bilan urushdan chiqish uchun yo‘l yo‘q. “Men esa bu vaziyatda nima qilishni tushunishga harakat qilyapman”, — degan edi Bayden 10-may kuni.
Italiya Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik o‘rnatish rejasini taklif qildi. Ikkala tomon ham bunga bosiqlik bilan javob berdi
19-may kuni Italiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni tartibga solish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etdi.Reja nizoni tartibga solishga BMTni, vositachi mamlakatlarni (aynan qaysilari ekaniga aniqlik kiritilganicha yo‘q), tinchlikparvar kuchlarni va kuzatuvchilar missiyasini jalb qilishni ko‘zda tutadi.
Tinch yo‘l bilan tartibga solish jarayonini Italiya to‘rtta bosqichda amalga oshirishni taklif qildi:
- Birinchi bosqich — o‘t ochishni to‘xtatib, front chizig‘idan qo‘shinlarni olib ketish.
- Ikkinchi bosqich — Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligi kafolatlangan holda, Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi (bir qator qo‘shimcha shartlar va majburiyatlar bilan).
- Uchinchi bosqich — Qrim va Donbass bo‘yicha Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuv. Italiya rejasi “bahsli hududlar” to‘liq muxtoriyatga ega bo‘lishini nazarda tutadi, shu jumladan, o‘z xavfsizligini ta’minlash sohasida, ammo ayni vaqtda Ukraina suvereniteti saqlanib qoladi.
- To‘rtinchi bosqich — Yevropada tinchlik va xavfsizlik haqida ko‘p tomonlama bitim tuzish.
Kiyev va Moskva Italiya tashabbusini muloyimlik bilan, ammo bosiqlik bilan qarshi oldi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi “tegishli takliflar hozir o‘rganib chiqilayotgani”ni ma’lum qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Italiyaning rejalaridan OAVlar orqali xabar topgani, hozircha uning tafsilotlaridan xabardor emasligini aytdi.
Rimning tashabbusi yuzasidan batafsilroq va ochiqroq izohni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev berdi, u 24-fevraldan buyon urushni to‘liq ma’qullab, G‘arbni qabul qilmay kelmoqda.
Ukrainaning betaraf maqomini Medvedev “to‘g‘ri” deb atadi, mamlakatning Yevroittifoq tarkibiga kirishini — “yolg‘on” va orzular, Donbassning Ukraina tarkibidagi muxtoriyatini — g‘irt safsata va xomxayollarga berilish, Qrimning shunday maqomini esa “Rossiyaga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri bezbetlik” va “to‘la-to‘kis urush boshlanishi uchun sabab” deb atadi.
Kissinjer ukrainaliklarni oqil bo‘lishga chaqirdi. Berluskoni ularni “Putinning so‘rovlarini qabul qilish”ga ko‘ndirishni maslahat berdi
Italiyaning tinchlik haqidagi taklifi taqdim etilganidan keyin bir kun o‘tib, bu mavzuda mamlakat sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni fikr bildirdi. U Putinning do‘sti hisoblanadi, shunga qaramay u Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagandi. Berluskoni “iloji boricha tezroq tinchlikka erishish kerakligi”ni va Yevropa “ukrainaliklarni Putinning so‘rovlarini qabul qilishga ko‘ndirishga” urinib ko‘rishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, sobiq bosh vazir Ukrainaga qurol yetkazib berilishini va Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishini ko‘proq tanqidiy baholadi.Nafaqadagi yana bir siyosatchi — AQSH sobiq bosh kotibi Genri Kissinjer ham shunga o‘xshash ma’noda gapirib o‘tdi. Davosdagi iqtisodiy forumda u tinchlik muzokaralari yaqin ikki oy ichida, “yengib o‘tish qiyin bo‘ladigan og‘ir vaziyatlar” boshlanmasidan oldinroq start olishi kerakligini ma’lum qildi. “Mukammal nuqtai nazardan, ajratuvchi chiziq avvalgi holatga qaytish bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Kissinjer. Ukrainaning 2022-yilgacha egallab olingan hududlarni ham jang bilan qaytarib olishga urinishlarini u “Ukraina ozodligi uchun emas, balki Rossiyaning o‘ziga qarshi” urush deb atadi.
Kissinjer Rossiya bilan munosabatlarni buzmaslikka va unis hu tariqa Xitoy bilan ittifoqni mustahkamlash uchun turtki bermaslikka chaqirdi. “Umid qilamanki, ukrainaliklar o‘zlari namoyon qilayotgan qahramonliklari darajasida oqil ham bo‘la oladilar”, — dedi AQSH sobiq davlat kotibi.
Nobel sovrindori urushni yon bosishlar evaziga to‘xtaishga chaqirdi. NYT’da Ukrainaning barcha hududlarini qaytarib olish haqiqatdan yiroqligi haqida maqola chiqdi
Ukrainaning Rossiya bilan tezroq yarashishiga qaratilgan bevosita da’vatlar faqat siyosiy hamjamiyat tomonidan yangrayotgani yo‘q.2007-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori va Garvard professori Erik Maskin 22-may kuni Ispaniya nashriga bergan intervyusida Zelenskiyning o‘rnida “urush tezroq tugashi va Ukrainaning katta qismi vayron bo‘lmasligi uchun yon bosgan bo‘lishi”ni aytdi. U urush boshlanganidan keyin rossiyalik olimlar bilan aloqalar uzilishiga qarshi chiqqan edi.
“Bu Rossiyaga mamlakat sharqidagi ba’zi hududlar ustidan nazoratni taqdim etish va Qrim Rossiyaga tegishli ekanini tan olishni ko‘zda tutadi. Ukrainaliklarning buni qabul qilishi juda qiyin bo‘ladi. Shunga qaramay, men o‘z elektoratini qabul qilishga ko‘ndira oladigan yaxshi siyosiy yetakchilar samaradorligiga qattiq ishonaman”, — dedi Maskin.
19-may kuni Amerikaning The New York Times gazetasi “Fikrlar” bo‘limi tahririyati nomidan maqola chiqardi, unda Rossiya urushni pala-partish rejalashtirgani va boshlagani, ammo hamon Ukrainaga zarar yetkazishga qodirligi, AQSHning ko‘magi esa cheksiz emasligi aytiladi. “Ukraina Rossiya ustidan uzil-kesil g‘alaba qozonib, 2014-yildan buyon Rossiya egallab olgan hududlarining barchasini qaytarib olishi haqiqatga yaqin maqsad emas”, — deyiladi maqolada.
“Bunday reallik bilan to‘qnashish og‘riqli bo‘lishi mumkin, ammo bu tinchlik emas. Bu hukumat xayoliy g‘alaba ortidan quvish o‘rniga amalga oshirishi kerak bo‘lgan narsa”, — deya yakunlanadi maqola.
Ukraina prezidenti ofisi yon bosishni taklif qilayotganlarni “ich-ichidan mag‘lub bo‘lib bo‘lgan luzerlar” deb atadi
Ukraina hukumati bunday da’vatlarni rad etmoqda va “ultimatumlar” emas, balki tenglik asosida Ukraina bilan muzokaralarga tayyorligini, hududiy nuqtai nazardan yon bosishlar esa urush muddatini uzaytirishini aytmoqda.“Hatto dunyoning yarmi bizga qarshi chiqsa va kuch bilan yon bosishga majburlasa ham, biz buni qilmaymiz. Ukraina hududining qandaydir qismi egallab olinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Rossiya armiyasi Ukraina hududida bo‘lib turishiga hech qachon ko‘nmaymiz”, — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 24-may kuni.
O‘sha kuniyoq Davosda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak shunday dedi: “Biz Yevropada tinchlik yo‘lida taslim bo‘lishga qaratilgan da’vatlarni eshitishda davom etyapmiz. Sheriklarimizning ba’zilari bizga agressorga yuzini saqlab qolish imkoniyatini berishni taklif qilmoqda, hududiy bahslar atrofida muzokaralar o‘tkazish taklifini bermoqda. Ammo Rossiya Ukrainani vayron qilish niyatini namoyish qilayotgan bir paytda buning qanday iloji bor?”
Ushbu mavzuni oxirgi paytlarda eng ko‘p Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak izohlamoqda. Uning aytishicha, Ukraina hududlarini fido qilishni taklif etayotgan har bir odam “allaqachon ich-cihidan yutqizgan luzerdir”, Kissinjer esa xuddi hozir Ukraina yerlarini berib yuborishni taklif qilayotgani kabi “[Rossiyaga] Polsha yoki Litvani olib qo‘yish shunchalik osonlik bilan qo‘yib bergan bo‘lardi”.
NYT maqolasini Podolyak kamida ikki marta tanqid qilib chiqdi. “Voqealar joyidan minglab yoki hatto 200 ming km uzoqda turib, hamma narsani tushunaman deb o‘ylash mumkin. Ayniqsa Rossiya Federatsiyasi haqida, ayniqsa, tinchlik bitimini tuzish uchun bu mamlakatga biroz yon bosish kerakligi haqida. Mana nima: Rossiyaga har qanday yon bosish — yanada qisqaroq muddatlarda yanada kuchliroq urush degani”, — degandi Podolyak.
Hududiy jihatdan yon bosishlarni Zelenskiy ham rad etmoqda, ammo Rossiya tomonidan 24-fevralga qadar bosib olingan hududlar masalasini diplomatik yo‘l bilan yechishni taklif qilmoqda.
NYT maqolasiga The Kyiv Independent tahririyati javob qildi. Ukraina nashri Amerika nashrini Rossiyaga “erk berish”da aybladi
NYT’ga nafaqat Ukraina prezidenti ofisi, balki ukrainalik jurnalistlar ham javob qaytarishga qaror qildi. 24-may kuni Ukrainaning ingliz tilidagi The Kyiv Independent nashri o‘z tahririyati kolonkasini e’lon qildi. Unda aytilishicha, Rossiya bosqinini batafsil yoritayotgan NYT nashri maqolasi Ukrainada qahr-g‘azab uyg‘otgan va “ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgan”.“NYT kolonkasining ma’nosi shunday: Ukraina baribir yutqazadi, unga yordam berishni to‘xtating, toki hammasi tezroq tugasin. Qisqacha aytganda, tahririyat erk berish va erkin dunyo qadriyatlariga xoinlikni pragmatik fikrlash deb ko‘rsatishga urinyapti”, — deyiladi maqolada.
Nashr tahririyati Rossiya armiyasining zaif jihatlarini va Ukraina aholisi kayfiyatini qayd etdi: Kiyev jamiyatshunoslik xalqaro institutining so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, ularning 82 foizi tezroq tinchlikka erishish uchun hududlardan voz kechishga tayyor emas. Ukrainaliklarning g‘alabaga ishonchi “o‘z-o‘ziga ishonch‘ga emas, balki “zaruriyat”ga asoslangan, chunki “hozir Rossiyaga nisbatan har qanday yon bosish ertami kechmi yangi urushga olib keladi, Rossiya tomonidan egallab olingan har qanday hududda qolib ketgan ukrainaliklar esa qiynoqqa solinadi, zo‘ravonlikka uchraydi yoki o‘ldiriladi”, — deyiladi The Kyiv Independent maqolasida.
Matn shunday gaplar bilan tugaydi:
Ukraina ertami kechmi, g‘olib bo‘ladi, chunki hech qaysi fashistik davlat erkin mamlakat ustidan g‘alaba qozonmagan.Demokratik dunyo bu g‘alaba ertaroq yetib kelishi, Ukraina xalqi va butun dunyo uchun kamroq talafot keltirishini ta’minlashi mumkin. Ukrainaga harbiy ko‘makni va Rossiyaga bosimni kuchaytirish orqali bunga erishish mumkin.
Ukraina bu urushni erkin dunyo nomidan — u erkin bo‘lib qolishi uchun olib bormoqda. Erkin dunyo hech bo‘lmasa ukrainaliklarning mardligiga munosib bo‘lish uchun intilishi kerak.
Izoh (0)