2022-yilning 24-fevral kuni Rossiyaning armiyasi Ukrainada jangovar harakatlarni boshladi. Ushbu urush jahonning ko‘plab davlatlaridagi oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solib, bu boradagi ta’minotning shusiz ham zaif bo‘lgan global muvozanatini buzdi.
Ayni damda O‘zbekiston hukumati yuzaga kelayotgan tahdidlarni muvaffaqiyat bilan bartaraf etishga erishyapti, lekin asosiy muammolar hali oldinda. East Fruit O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, valyuta kursi va makroiqtisodiy barqarorlikni tahlil qildi.
Ushbu maqolada biz O‘zbekistondagi oziq-ovqat xavfsizligi, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik, shuningdek, iste’molchilar kayfiyati bilan bog‘liq vaziyatni aks ettirishga va istiqbolni hamda ushbu vaziyatning kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlarini baholashga harakat qilamiz.
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining netto-importyori hisoblanadi. Salbiy savdo balansi yiliga 500 mln dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, importning 36 foizi – Rossiya, Belarus va Ukraina mamlakatlarining umumiy hissasiga to‘g‘ri keladi, ya’ni ular O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilardir.
O‘zbekistonga import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining 30 foizga yaqini Rossiyadan, 4 foizi Belarusdan, 2 foizga yaqini Ukrainadan import qilinadi. Qayd etish joizki, Rossiyadan O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlari hajmi bundan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin, Chunki ushbu tovarlarning bir qismi mamlakatga Qozog‘istondan vositachilar orqali kirib keladi.
O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlari eksportida esa, ushbu uch davlatning umumiy ulushi yanada yuqori – bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 42 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb 40 foizi Rossiya bozoriga Qirg‘iziston va Qozog‘iston orqali eksport qilinadi.
Tabiiyki, uzoq muddatli istiqbolda Ukrainadagi vaziyatning O‘zbekiston oziq-ovqat bozoriga ta’siri juda katta bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston oziq-ovqat savdosida mazkur vaziyatga nisbatan ta’sirchan pozitsiyalar
O‘zbekistonga import qilinadigan jami oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘ini yuqori kaloriyali asosiy mahsulotlar, xususan, don va don mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va uni ishlab chiqarish uchun xomashyo, shuningdek, shakar tashkil etadi.
Import konyunkturasidagi o‘zgarishlarga chorva uchun ozuqa toifasi va kamroq darajada go‘sht importi sezgirdir. Bu tovarlarning barchasi bo‘yicha O‘zbekiston netto-importyor hisoblanadi, demak, import rejimlari o‘zgarishi, import qilinadigan tovarlarning mavjudligi hamda import mahsulotlarining narxlari ichki oziq-ovqat bozori va xavfsizligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Faqat sabzavot va mevalar bo‘yicha (kartoshkadan tashqari) O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan vaziyat nisbatan yaxshi. Biroq bu yerda ham O‘zbekiston meva-sabzavot biznesining Rossiya bilan yaqin savdo aloqalariga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlar bozorlariga meva-sabzavot yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Rossiyada aholining sotib olish qobiliyati pasaygani sabab ushbu mahsulotlarga talabning keskin kamaygani va rublning keskin qadrsizlanishi tufayli o‘zbekistonlik treyderlar va ishlab chiqaruvchilar zudlik bilan muqobil bozorlarni izlashi zarur.
Lekin bu oson emas, chunki O‘zbekistondan tovar eksporti logistikasi qimmat va murakkab. Bu mahsulotlar tez buziladigan toifaga kiradi va ularning sifati Rossiyadan ko‘ra talabchanroq mamlakatlar nuqtai nazaridan yaxshi emas.
Muhim import toifalari
Don va donni qayta ishlash mahsulotlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyaga qaramligi u qadar yuqori emas – ushbu mahsulotlarning asosiy qismi qo‘shni Qozog‘istondan import qilinadi. Ukrainadan ham oz miqdorda don mahsulotlar olib kelinadi.
O‘simlik yog‘i bilan bog‘liq alohida muammolar yo‘q – Rossiya Federatsiyasidan eksportga taqiq qo‘yilmagan.
Shakarga kelsak, muammo juda aniq. Zero O‘zbekistonga shakar va shakarli qandolat mahsulotlari importining 60 foizdan ortig‘i Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Endilikda Rossiya shakar eksportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq joriy qilinadi. Ukrainadan shakar importi, taxminan, 4 foizni tashkil qiladi va bu sezilarli hisoblanadi.
Braziliya va boshqa yirik yetkazib beruvchi davlatlardan olib kelinishi mumkin bo‘lgan shakar xomashyosini mahalliy qayta ishlash hajmini oshirish muammoning yechimi bo‘lishi mumkin. Ammo asosiy savol shundaki, O‘zbekiston korxonalarining quvvati bunga imkon beradimi?
Umuman olganda, import bo‘yicha vaziyat unchalik xavfli ko‘rinmaydi, shunday bo‘lsa-da oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli – alohida masala. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, yil oxirigacha bu masala ancha muhim ahamiyat kasb etishi mumkin, chunki jahonda hozircha 2021-yilgi hosil zaxiralaridan foydalanilmoqda.
Dollar va boshqa valyutalarning so‘mga nisbatan kursi
O‘zbekistonda 9-martga qadar AQSH dollari va boshqa asosiy valyutalar kursi nisbatan barqaror saqlanib qoldi. Rossiya rubli bundan mustasno. 24-fevraldan 9-martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan AQSH dollari kursi 1 AQSH dollari uchun 10 840 so‘mdan 10 897 o‘zbek so‘migacha, ya’ni atigi 0,5 foizga oshdi. Aftidan, regulyator kutish pozitsiyasini egalladi – urush qisqa muddatli bo‘lishi va keyin hammasi me’yoriy holatga qaytishi mumkin edi. Ammo urush cho‘zilib ketdi va so‘m bosqichma-bosqich devalvatsiya qilina boshlandi – 9-martdan 15-martga qadar AQSH dollari kursi 10 897 so‘mdan 11 033 so‘mgacha, ya’ni bir hafta davomida 1,2 foizga oshdi.
Biroq mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oyi boshlarida sabzavotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish mavsumi boshlandi. Bundan tashqari, quritilgan meva-sabzavot, shuningdek, muzlatilgan mevalarni eksport qilish davom etmoqda.
Qolaversa, o‘sha vaqtga kelib urush surunkali bosqichga o‘tayotgani va siyosiy muzokaralar hali ko‘zga ko‘rinarli natijalarni bermaganligi haqida tushuncha mavjud bo‘la boshladi. 15-dan 18-martga qadar AQSH dollari kursi keskin ko‘tarildi — 11 033 so‘mdan 11 572 so‘mgacha, ya’ni 3 kun ichida 4,9 foizga oshdi.
Shunday qilib, 2022-yilning 24-fevralidan 18-martigacha O‘zbekistonda AQSH dollari kursi 1 10 840 so‘mdan 11 572 so‘mga, ya’ni 6,8 foizga oshdi. Ammo bu milliy valyutalari devalvatsiyasi jiddiy tus olgan asosiy savdo bozorlarida (Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda) O‘zbekiston tovarlari narx bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishi uchun yetarli emas.
Boshqa tomondan asosiy savdo bozorlarida, ayniqsa, Rossiya Federatsiyasida aholining sotib olish qobiliyati darajasi ham keskin pasaydi, shu bois so‘mning keskin devalvatsiyasi bilan mahsulot eksportining yuqori hajmini saqlab qolish oson bo‘lmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy valyutasining keskin qadrsizlanishi inflyatsiya ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekistonda iste’molchi kayfiyati
EastFruit mutaxassislarining O‘zbekiston poytaxtida joylashgan supermarketlar tarmog‘i do‘konlaridagi auditi, shuningdek, mamlakat rezidentlari bilan muloqoti chog‘ida iste’molchilar kayfiyatida keskin o‘zgarishlar sezilmadi.
Rossiyadan bug‘doy va shakar yetkazib berishning vaqtinchalik taqiqlanishi munosabati bilan qisqa muddatli ajiotaj paydo bo‘ldi, biroq rasmiy hukumat bunga darhol munosabat bildirib, O‘zbekistonda ushbu mahsulotlar bo‘yicha taqchillik bo‘lmaydi, degan bayonot bilan aholini tinchlantirdi. Masalan, bug‘doy bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish va muqobil yetkazib beruvchilardan import hisobiga, shakar bo‘yicha esa muqobil yetkazib beruvchi Braziliyadan xarid hisobiga talab qondiriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida batafsil aytib o‘tilgan.
Shunga qaramay, bunday taqiqning iste’molchilar kayfiyatiga muayyan darajada ta’siri bo‘ldi. Ayrim savdo tarmoqlari shakar sotish bo‘yicha cheklovlar joriy etdi: “Korzinka”da — bir kishi uchun 2 kg, “Makro”da — 4 kg, “Havas”da esa 10 kg dan sotilmoqda. Carrefour tarmog‘ida ham xaridorlar kishi boshiga 10 kg shakarni muammosiz olyapti.
Qozog‘istonning “Magnum” tarmog‘i hatto past narxlarda shakar taklif qilish orqali Navro‘z bayrami kunlari xaridorlarni jalb qila boshladi.
Ko‘plab keksa avlod vakillari har ehtimolga qarshi makaron, don va boshqa zarur mahsulotlar zaxirasini yaratishga harakat qilishdi, ammo bu hodisa do‘konlarda ajiotajni yuzaga keltirmadi, aksincha savdodagi qisqa muddatli o‘sishga yordam berdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston poytaxtidagi iste’molchilar kayfiyatida o‘zgarishlar, jumladan, ajiotaj yoki vahima kuzatilmadi.
O‘zbekiston supermarketlaridagi vaziyat
Hozirgi kunda O‘zbekistonning sabzavot va mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, boshqa toifalar, jumladan, maishiy kimyo, dori-darmon hamda boshqa zarur tovarlar assortimentida o‘zgarishlar kuzatilmayapti.
O‘zbekistondagi ekin maydonlari tarkibida ham o‘zgarishlar ko‘zda tutilmagan. Fermerlarni bundan ko‘ra, 2022-yil mart oyida kuzatilgan ob-havo anomaliyalarining bo‘lajak hosilga salbiy ta’siri ko‘proq xavotirga solmoqda.
Davlat nazorati
Narxlarni tartibga solish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar hukumat tomonidan shakarga nisbatan amalga oshirilmoqda. Ba’zi hududlarda ushbu mahsulot narxi bir kilogramm uchun 20 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Shuningdek, asosan, Rossiyadan import qilinadigan grechka narxi ham sezilarli darajada oshdi.
O‘zbekiston hukumati hozir Rossiya bilan savdo-sotiqda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish va buning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish maqsadida Osiyo davlatlari, xususan, Pokiston, Eron, Hindiston va Xitoy bilan savdo aloqalarini faollashtirishga harakat qilmoqda. Pokistondan kartoshkadan tashqari go‘sht ham import qilina boshlandi.
Bu 2022-yilda O‘zbekistonning meva-sabzavot eksporti imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.
Ayni paytda O‘zbekistonda oziq-ovqat bozoridagi vaziyat barqarorligicha qolmoqda, biroq mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi sabab mamlakatda inflyatsiya darajasi oshishi va umumiy makroiqtisodiy vaziyatda ushbu salbiy faktorlar ta’sirini kuzatishimiz mumkin.
Shuningdek, kelgusi oylarda oziq-ovqat narxlari o‘sishining ehtimoli baland, bu esa mamlakatdagi kam ta’minlangan aholining oziq-ovqat kaloriyalarining minimal to‘plamiga ega bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar Rossiya va Qozog‘istondan mehnat muhojirlarining katta qismi ishsiz qolib qaytib kelsa, bu vaziyat mamlakat ichki bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga talabni kuchayishiga, o‘z navbatida, bu daromadlar kamaygani holda importni oshirish zaruratiga olib keladi.
Meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga eksport qilish istiqboli ham noaniqdir. Chunki ushbu mamlakatlarda aholi daromadlari darajasi pasayishi va milliy valyutalar qadrsizlanishi muammosi mavjud. Bu esa mamlakat fermerlarining daromadi kamayishi va bu boradagi investitsiya loyihalari cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Jahonda oziq-ovqat va energiya narxlari yuqoriligi, murakkab va qimmat logistika, savdo to‘siqlari soni ortib borayotgan vaziyat bir necha yil davom etishi ehtimoli baland. Va bu, shubhasiz, global miqyosga ega bo‘ladi.
Izoh (0)