Yil boshidan beri so‘m AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi. Bu Markaziy bank xabarida qayd etildi.
“Milliy valyuta kursi tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar ta’sirlariga javoban to‘g‘rilanish ro‘y berdi”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan, Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi intervensiya hajmini oshirdi.
Ushbu operatsiyalar “neytrallik tamoyillari” asosida amalga oshiriladi – ya’ni oltin-valyuta zaxiralari hisobiga emas, balki o‘tgan yili jamg‘arilgan qo‘shimcha zaxiralar hisobiga.
Bu choralar valyuta kursi va umumiy bozor barqarorligini ta’minlashi kutilmoqda.
Yana qanday ishlar qilinmoqda?
Bank tizimini zaruriy likvidlik bilan ta’minlash maqsadida banklarga Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli likvidlik cheklovlarsiz (REPO va SVOP operatsiyalari orqali) taqdim etib boriladi.
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik o‘rtacha qoldig‘i bo‘yicha limitlar 20 trln so‘mgacha oshirildi.
Banklarga joriy yilning 1-iyuliga qadar:
- chakana operatsiyalar bo‘yicha valyuta kurslarini belgilashda valyuta birjasida Call-auksion natijasida shakllangan valyuta kursidan foydalanish imkoniyati berildi;
- tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari darajasi asosiy stavkaning yuqori chegarasigacha kengaytirildi;
- ikki haftalik depozit auksionlari bo‘yicha limitlar bekor qilindi.
Shu bilan birgalikda, Markaziy bank makroiqtisodiy rivojlanish prognozi tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqmoqda.
Bunda, inflyatsion va devalvatsion kutilmalarning pasayishi, ichki makroiqtisodiy sharoitlarga tashqi bosimlarning pasayishi bilan asosiy stavka darajasi bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda asosiy stavka 2004-yildan beri birinchi marta 16 foizdan oshgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)