Portugaliya chempionatining 22-turidan o‘rin olgan “Portu” va “Sporting” o‘rtasidagi bahs futbolchilarning ommaviy janjali bilan nihoyasiga yetdi.
Hakamning final hushtagi chalinganidan so‘ng “Sporting” futbolchisi Joau Palinya “Portu”ning zaxira darvozaboni Agustin Markesinning burniga musht tushirdi. 38 yoshli himoyachi Pepening bundan jahli chiqdi. Lissabonliklar hujumchisi Brunu Tabata esa stadion xodimlaridan birini turtib yubordi. Shundan so‘ng ommaviy mushtlashuv boshlandi.
Ikkala klubning deyarli barcha futbolchilari ushbu janjalga aralashdi. Natijada hakam to‘rtta qizil kartochka ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. “Portu” safida Markesin va Pepe, “Sporting” safida esa Palinya va Tabata maydondan chetlatildi.
Qayd etib o‘tish joiz, o‘yinning 49-daqiqasida “Sporting” futbolchisi Sebastyan Koates ham qizil kartochka olib maydonni tark etgandi.
Uchrashuv 2:2 hisobi bilan yakunlandi. 22 turdan so‘ng “Portu” 60 ochko jamg‘arib, musobaqada yakkapeshqadam bo‘lib turibdi. Ikkinchi o‘rinda borayotgan “Sporting”da esa 54 ochko mavjud.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)